O‘zbekiston | 15:10 / 12.03.2018
53870
5 daqiqa o‘qiladi

Respublika bo‘ylab bozorlar nega buzib tashlanmoqda? Zarar qoplanadimi?

O‘tgan hafta mobaynida joylardan Kun.uz saytimizga kelib tushgan murojaatlarning aksariyati bozor muammosi haqida bo‘ldi. Mazkur murojaatlarda bu ishlar bajarilishi uchun qonuniy asos mavjudmi deb so‘ralgan. Lex.uz manbasidan o‘rganilgan ma'lumotga ko‘ra, 2017 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2853 sonli qarori chiqarilgan. 

O‘tgan yillar mobaynida olib borilgan islohotlarga qaramasdan, deyiladi qarorda, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari va normalari, gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmaganini, shuningdek bozor hududlariga yaqin masofalarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun muayyan noqulayliklar tug‘dirayotganini ko‘rsatdi.

Qaror asosida dehqon bozorlarining mamlakat iqtisodiyotidagi, aholining kundalik hayotidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, savdoni tashkil etish sohasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati ko‘rsatishning ilg‘or tajribasi va yuksak madaniyatini keng targ‘ib qilish va izchil joriy etish, mavjud dehqon bozorlarini sharqona va milliy me'morchilik an'analarini hisobga olgan holda zamonaviy savdo majmualari tarzida mukammal rekonstruksiya qilish maqsad qilingan. 

Ayni shu o‘rinda bir necha savollar paydo bo‘ladi kishida:  
1. Millionlab mablag‘ sarflanib ta'mirlangan, qayta qurilgan bozorlar yana buziladimi? 
2. Shu vaqtgacha  o‘ylanmasdan sarflangan mablag‘larga kim javob beradi va mansabiga sovuqqonlik bilan qarayotgan mansabdor shaxslar taqdiri nima bo‘ladi? 
3. Bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishi qanday amalga oshiriladi? Yoki tadbirkorlar ikki qo‘lini og‘ziga solib qolaveradimi?

Birinchi savolga javob «ha» bo‘ladi. Harakatlar strategiyasi bo‘yicha barchasi rejaga kiritilgan. Qisqa va lo‘nda qilib aytamiz, barchasi so‘zsiz amalga oshiriladi. Lekin shoshmang, maqolani so‘nggi qismiga qadar yozganlarimizni tahlil qiling.

Ikkinchi savol. Ha, bu savolga javob bera olmagan mansabdor shaxslar jazosini olishi kerak. Qonunlar barchaga teng bo‘lsin. Jinoyat qildingizmi, albatta javob berishingiz kerak, hurmatli mansabdor shaxs. Jinoyat kodeksining 207- moddasi aynan mansab vazifangizga sovuqqonlik bilan qaraganingiz uchun.

Uchinchi savol. Albatta qonun loyihasini ishlab chiqqan shaxslar bu jarayonni hisobga olishgan. Ular qonunchilik mexanizmida har bir detalga e'tibor qaratishgan. Shunga ko‘ra, qarorning 16-bandiga nazar tashlasak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta'minlasinlar. 

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish 21-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksining rahbari zimmasiga yuklatilgan. 

Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, joylardagi har bir ijro hokimiyati organi xodimlari qaror ijrosi payti tadbirkorlarga vahshiylarcha munosabatda bo‘lmay ogohlantirish bersin. Ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishsin. Ular ham inson. Bundan tashqari davlat byudjyetiga soliq to‘lab kelmoqda. Yangi ishchi o‘rinlari yaratishmoqda. Shu bilan birga  zararlarni qoplash masalasiga alohida e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz. Prezident qarori axir!

Maxsus muxbir Solijonov Z.U.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid