O‘zbekiston | 11:32 / 14.03.2018
38073
3 daqiqa o‘qiladi

So‘mni olib kirish - olib chiqish tartibi o‘zgardi

Foto: KUN.UZ

MB va DBQning qarori (12.03.2018 yilda 1326-2-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini olib kirish va olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Ruxsatnoma – 09006-son shakl bo‘yicha
 
Eslatib o‘tamiz, 2004 yil 1 martdan boshlab rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan naqd milliy valyutani (so‘mni) O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqishga EKIHning 50 baravaridan oshmaydigan summa doirasida ruxsat beriladi. Ko‘rsatilgan summadan ortiqcha naqd milliy valyutani olib chiqishga ruxsatnoma olish zarur.
 
Endi mazkur ruxsatnoma Markaziy bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahri bo‘yicha bosh boshqarmasida beriladi (ilgari buni Markaziy bankning o‘zi amalga oshirar edi).
 
Bunda taqdim etilgan hujjatlar yuzasidan e'tiroz bo‘lmasa, MB bosh boshqarmasi 09006-son shakl bo‘yicha ruxsatnoma rasmiylashtiradi. Uni MB bosh boshqarmasining boshlig‘i imzolaydi. Ruxsatnoma – qat'iy hisobdagi blanka bo‘lib, «Davlat belgisi» DIChBda tayyorlanadi va zarur darajada himoyalangan bo‘ladi. Har bir blanka bir xil seriya va tartib raqamiga ega 2 nusxadan iborat bo‘ladi: birinchisi ariza beruvchiga topshiriladi, ikkinchisi esa bosh boshqarmada qoladi.  
 
Ruxsatnoma pulni bir marta olib chiqish huquqini beradi, sababi chiqib ketish chog‘ida bojxonaga topshiriladi. Unda berilgan arizaga muvofiq summa qayd etiladi. Ruxsatnoma 3 oy davomida amal qiladi.
 
Ruxsatnomani rasmiylashtirganlik va berganlik uchun haq undirilmaydi.
 
Summa EKIHning 50 baravaridan ortiq bo‘lgandagina deklaratsiya to‘ldiriladi
 
Naqd so‘mni olib kirish-olib chiqishda deklaratsiyalash zarurligi masalasi xuddi shu tartibda hal etiladi. Summa EKIHning 50 baravaridan oshmasa – deklaratsiyalash kerak emas (olib kirishda ham, olib chiqishda ham, rezidentlar tomonidan ham, norezidentlar tomonidan ham). Rezidentlar EKIHning 50 baravaridan ortiq summani olib chiqayotganda butun summa yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatiladi.
 
Hujjat 12.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid