“Mug‘om olami” millatlarni birlashtirdi
Ozarboyjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida 2018 yilning 7-14 mart kunlari “Mug‘om olami” an'anaviy V Xalqaro maqom festivalida yurtdoshlarimiz ishtiroki yuqori baholandi.
Mazkur festival 2009 yildan beri har ikki yilda o‘tkazib kelinadi. Unda O‘zbekiston vakillari ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar.
Bu yilgi festivalda o‘zbekistonlik ishtirokchilar – Ilyos Arabov 1-o‘rin (xonanda), Azamat Ergashev 3-o‘rin (nay), Otabek Akramov 3-o‘rin (dutor)ni qo‘lga kiritilar.
Ozarboyjonda Sharq madaniyati va musiqasiga e'tibor juda katta. Haydar Aliyev nomidagi Fondning asosiy maqsadlari orasida Ozarboyjonda milliy-ma'naviy qadriyatlarni saqlab qolish, ozariy madaniyatini butun dunyoda targ‘ib qilish ham bor. Mana shu ezgu ishlarni amalga oshirish maqsadida Bokuda Xalqaro Mug‘om markazi tashkil etilgan.
Ma'lumki, Ozarboyjon mug‘omi (maqomi) 2008 yilda YuNeSKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy merosi durdonasi ro‘yxatiga kiritilgan.
2005 yilda Haydar Aliyev Fondi prezidenti Mehribanxonim Aliyeva rahbarligida taniqli xonanda va mug‘om bilimdonlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati ishtirokchilari bir ovozdan Bokuda Xalqaro Mug‘om markazi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladilar.
2005 yilning 24 avgustida Ilhom Aliyev, rafiqasi Mehribonxonim Aliyeva va YuNeSKOning o‘sha vaqtdagi Bosh direktori Koishiro Matsura Mug‘om markazining poydevoriga birinchi tosh qo‘yish tadbirida ishtirok etdi. 2006 yilning 6 aprel kuni mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Xalqaro Mug‘om markazi tashkil etilishi to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Xalqaro Mug‘om markazi 2008 yilning 27 dekabr kuni rasman ochildi.
Umumiy maydoni 7,5 ming kvadrat metrni tashkil qiluvchi markaz binosi sharq musiqa asboblaridan biri bo‘lmish – torni eslatadi. Uch qavatli binoda 350 tomoshabinga mo‘ljallangan konsert zali, klub, ovoz yozish studiyasi, repetitsiyalar xonasi, 80 o‘rinli “Ud” restorani bor. Bino Italiya, Avstriya, Fransiya va Turkiyadan olib kelingan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xalqaro Mug‘om markazida yosh ijrochilar maqomning nozik sirlarini o‘rganishadi. Markazda taniqli xonandalar ishtirokida konsertlar, xalqaro konferensiya va festivallar o‘tkaziladi. Xalqaro Mug‘om markazida tashkil etilgan muzeyga taniqli mug‘om ijrochilarining byustlari o‘rnatilgan.
Bugungi kunda Ozarboyjon mug‘omi (maqomi) dunyoga tanilmoqda. 2009 yildan boshlab har yili Xalqaro Mug‘om markazida Mehribonxonim Aliyeva tashabbusi bilan Haydar Aliyev jamg‘armasi ko‘magida an'anaviy Xalqaro maqom festivali tashkil etilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad butun dunyoni maqom bilan tanishtirish hamda sharq musiqasi an'analarini saqlab qolishdan iborat. Yildan yilga bu festivalda ishtirok etuvchilar soni oshib bormoqda.
2009 yilda o‘tkazilgan “Mug‘om olami” xalqaro festivalida o‘zbekistonlik iqtidorli xonanda Yulduz Turdiyeva g‘olib bo‘ldi. Uning ijrosidagi “Qorabog‘ shikastasi” qo‘shig‘i barchani lol qoldirdi. Yulduz Turdiyeva ijro etgan “Qorabog‘ shikastasi” maqomi Ozarboyjonliklar qalbini zabt etdi¸ deb ëzdi Boku matbuoti.
Ozariy poytaxtida bo‘lib o‘tgan jahon maqom qo‘shiqchilari bellashuvida¸ Buxoroning chekka qishlog‘idan kelgan talaba qiz Yulduz Turdiyeva¸ maqomchilikdagi yangi iste'dod, deya tan olindi. O‘shanda jurnalistlardan birining “Mukofot berilaëtgan paytda nega yig‘ladingiz?”, degan savoliga Yulduz Turdiyeva shunday javob bergan edi: “To‘g‘risi, men kutmagan edim. Men “Qorabog‘ shikastasi” mug‘omini o‘rganganimda juda murakkab edi. Men o‘zi Ozarboyjon mug‘omini yurakdan yaxshi ko‘raman. Birinchi o‘rin deb e'lon qilganlarida yig‘i ichimdan keldi. Endi bu yerda Osiëning boshqa davlatlaridan¸ Sharq davlatlaridan¸ Arab davlatlaridan¸ Misrdan ishtirokchilar bor edi. Men avvaliga hayajonlandim, qo‘rqdim. Lekin, bir qarsak bo‘lgandan keyin o‘zimni tutib olib, “Qorabog‘ shikastasi”ni boshqacha kayfiyatda aytdim. Men uchinchi o‘ringa ham xursand bo‘lardim. Shu konkursga qatnashishning o‘zi bir baxt. Bu yerda hamma davlatlardan tanishlar orttirdim. Hamma menga “O‘zbekistondan kelib Ozarboyjonning “Qorabog‘ shikastasi”ni ijro qilding. Rahmat senga” deb aytib¸ meni yurakdan tabriklashdi”.
Ozarboyjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan V Xalqaro maqom festivalida ham mamlakatimiz vakillarining g‘olib bo‘lishini yurtimizda maqomga berilayotgan yuksak e'tiborning samarasi sifatida ko‘rish mumkin.
Ayni vaqtda milliy o‘zligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san'atining keng imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘risida»gi qarori qabul qilinib, izchil ijrosi ta'minlanmoqda. Qarorda ta'kidlanganidek, xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san'ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an'analari bilan ma'naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san'at nafaqat yurtimiz va sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e'tibor qozongan. Maqom san'atining gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YuNeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e'tirof etilgani hamda uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda maqom san'atini o‘rganish va rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, o‘zbek “Shashmaqom”i nota matnlarining nashr etilishi va ularga muvofiq ravishda maqom kuy-qo‘shiqlarining magnit lentalarga yozib olinishi ulkan ilmiy-madaniy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Hozirgi kunda yurtimizda Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, hududlarda maqom jamoalari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida shu yo‘nalishda maxsus kafedra faoliyat ko‘rsatayotgani, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borilayotganini qayd etish lozim.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san'ati anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Shahrisabz shahriga tashrifi davomida Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni o‘tkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlarini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xalqaro maqom san'ati anjumanining ilmiy-ijodiy konsepsiyasi haqida ma'lumot berildi. Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san'atiga bag‘ishlangan muzey va markaz tashkil tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shahar madaniyat saroyini kapital ta'mirlash, Oqsaroy maydonidagi Maqom markazi hamda bolalar musiqa va san'at maktabi faoliyatini takomillashtirish tadbirlari belgilangan.
Mavzuga oid
22:20 / 08.11.2024
Qorabog‘ safari: Jafokash Fuzuliy va yangilanayotgan Zangilon
15:58 / 01.11.2024
Ozarboyjonga safar: Kavkaz Hirosimasiga aylangan Ag‘dam
18:47 / 29.10.2024
Xalqaro yirik iqlim sammiti Ozarboyjonda o‘tadi: COP29’dan nimalar kutilyapti?
11:20 / 23.10.2024