18:39 / 29.03.2018
27241

Tojikistondagi taksilar O‘zbekistonga sayohat qilishga chorlamoqda

O‘zbekiston va Tojikiston mamlakatlari o‘rtasidagi viza rejimi bekor qilinishi munosabati bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘shni mamlakatlardan ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsadida turli usullardan foydalanmoqda. Tojikiston shaharlaridagi taksi xizmatlari avtomobillarida O‘zbekistonning sayyohlik maskanlari reklamasi aks etmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, bunday reklama maydonlarining mavjudligi Tojikiston aholisini O‘zbekiston bo‘yicha sayohatlarga qiziqtirish va uning diqqatga sazovor maskanlari haqidagi ma'lumotlarni oshirishga qaratilgan. 

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonning turistik salohiyati targ‘iboti deyarli butun dunyo bo‘yicha olib borilmoqda. Chet ellardagi elchixonalarda bu yo‘nalishda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimotlar qilinmoqda. Yetti davlatga viza rejimi bekor qilinib, yana qator mamlakatlardagi viza rejimi soddalashtirilishi esa sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. 

Xorij OAV vakillari O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga tashrif buyurib, ular to‘g‘risida ko‘rsatuvlar tayyorlashmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘istonda esa bu yo‘nalishda juda katta ishlar olib borilmoqda. Buyuk Ipak yo‘li turistik tizimining yo‘lga qo‘yilishi, ikki tomonlama turlarning tashkil etilishi, Qozog‘iston ko‘chalarida O‘zbekistonga sayohatga chorlovchi bannerlar, turli flesh-moblar, roliklar shular jumlasidandir. 

O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida muntazam ma'lumot olishni istasangiz, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining @uzbekistantravel telegram-kanaliga a'zo bo‘ling yoki www.uzbekistan.travel saytini kuzatib boring.

 

Top