Jamiyat | 10:27 / 30.03.2018
32714
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunni buzgan IIB xodimi jarimaga tortildi

Shu yilning 20 mart kuni ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarning biriga Toshkent shahar IIBB xodimining avtomobilda telefondan foydalanayotgani aks etgan surat joylashtirilgan edi, deb xabar bermoqda Toshkent IIBB axborot xizmati.

Foto: iibb.uz

Qayd etilishcha, muallif suratga «Bespredel» deb izoh qoldirgan. Ushbu ma'lumot guruh a'zolari tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘lgan. Tartib posbonining o‘zi qoidani buzib tursa, boshqalardan nima kutish mumkin, degan haqli savol tug‘iladi.

Biroq, bu qoidabuzarni haqorat qilish huquqini bermasligini hamma yaxshi biladi. 

«Aftidan, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan S. hamda Yunusobod tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan M. ismli shaxslarga buning aloqasi yo‘qdek. Ular qoldirgan izohlarida ichki ishlar organi xodimining qadr-qimmatini va sha'nini toptash, uni haqorat qilishdan nariga o‘tmaganlar», - deyiladi IIBB xabarida.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB Uchtepa tuman IIB FMB profilaktika inspektori A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 128-1-moddasiga («Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi») muvofiq, EKIHning 2 baravari miqdorida jarima solingan.

Lekin qoidabuzarni haqorat qilganliklari ya'ni birovning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganliklari uchun S.X. va M.A. ismli shaxslar ham javobgarlikka tortildi. Jabrlanuvchi, Toshkent shahar IIBB xodimining murojaatiga asosan, Mirobod tuman ma'muriy sudi S.X. va M.A.ning ishini ko‘rib chiqdi va ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, EKIH ning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi.

«Toshkent shahar IIBB yana bir bor barcha fuqarolarga murojaat qilib, har bir ishni bosiqlik va aql bilan hal qilishga, bir-biringizga nisbatan muloyim va hurmatda bo‘lishlikka chaqirib qoladi!», - deyiladi xabar yakunida.

Mavzuga oid