Jahon | 20:49 / 02.04.2018
7185
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning “Tyangun-1” orbital stansiyasi Tinch okeaniga quladi

Foto: mychinanews.com

Xitoyning “Tyangun-1” orbital stansiyasi Tinch okeanining janubiy qismiga quladi. Stantsiya bo‘laklarining katta qismi atmosferaga kirganda yonib ketgan. Ma'lum qilinishicha, stansiya kimsasiz hududga tushgan. 

Ba'zida Yerga qulaydigan qolgan koinot chiqindilari kabi, stansiyaning qayerga qulashini aniqlash murakkab bo‘lgan. Stantsiya past orbitada 27 ming km/soat tezlik bilan harakatlangani sababli uning tushadigan joyi va vaqtini aniq aytishning iloji bo‘lmagan.

Stantsiya qulashi oldidan uning ba'zi bo‘laklari atmosferada butkul yonib ketmasligi va aholi yashaydigan hududga tushishi xavfi mavjud bo‘lgan. Yaxshiyamki, sayyoramizning katta qismi suv bilan qoplangan, quruqlikning katta qismi esa kimsasiz, bu esa stansiyaning aholi yashaydigan hududga tushish imkoniyatini ancha kamaytiradi. Aerospace Corporation mutaxassislarining ta'kidlashlaricha, inson ustiga koinot chiqindisining biror bo‘lagi tushishi ehtimoli trilliondan birni tashkil qiladi.

“Tyangun-1” koinotga 2011 yilda uchirilgan. Stantsiya orbitada bir necha yil o‘tkazgandan keyin uni orbitadan chiqarib, okeanda nazoratli cho‘ktirish rejalashtirilgan. Biroq Xitoy 2016 yilda stansiya ustidan boshqaruv qo‘ldan chiqarilganini e'lon qilgan. Parvozlar markazi stansiyadan na signal ololgan, na signal yuborolgan. Oqibatda stansiya pastlay boshlagan va bu uning qulashiga olib kelgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid