Jamiyat | 18:28 / 02.04.2018
11912
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi 

Namangan shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “Shodlik” savdo markazida “Yong‘in bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda aholini to‘g‘ri xarakat qilishga o‘rgatish” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Ma'lumki, Rossiyaning Kemerovo viloyatidagi ko‘ngilochar majmuada sodir bo‘lgan yong‘inning og‘ir oqibatlari haqida bugun barcha ogoh bo‘ldi. Bu kabi holatlarni O‘zbekistonda takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan ko‘zlangan maqsad ham fuqarolar xavfsizligi, tadbirkorlarning mol-mulkini himoya qilishdan iboratdir.

Namangan viloyati ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, yong‘in xavfsizligi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashqidan ko‘zlangan maqsad ham fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, yong‘in yoki boshqa noxush holatlarda sohaviy xizmat xodimlarining birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratildi.

Mashqlarga turli xizmatlarning 100 dan ortiq xodimi, 10 dan oshiq maxsus texnika jalb etildi. Maxsus-taktik o‘quv mashqi davomida shartli ravishda majmuada yong‘in kelib chiqqanidan keyin xaridorlar va savdo markazi xodimlarini evakuatsiya qilish, yong‘inni o‘chirish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakatlar amalga oshirildi. Shuningdek, mashqlarda fuqarolar va savdo markazlari xodimlarini evakuatsiya qilish, doimiy tayyorgarlikdagi xizmatlarga tezkor xabar berish sxemalari ishlab chiqildi.

Savdo markazining barcha qavatlaridagi hamda asosiy tashqariga chiqish-qutqarish yo‘llari ko‘rsatkichlar bilan jihozlandi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon qutilari to‘liq holga keltirildi. Savdo markazining mas'ul shaxslariga qo‘shimcha yo‘riqnoma va ko‘rsatmalar berildi. Bunday o‘quv mashg‘uloti shaharning sergavjum “Sardoba” dahasida joylashgan “Mega polis” savdo markazida ham tashkil etildi.

 

Mavzuga oid