O‘zbekiston | 17:59 / 09.04.2018
10689
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Freedom Finance filiali ochildi

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Freedom Finance kompaniyasi vakolatxonasi ochildi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

Mazkur vakolatxonani sohada katta tajribaga ega bo‘lgan Yevgeniy Mojyeyko boshqaradi. Uning qo‘l ostida 12 nafar konsultant-maslahatchi ishlaydi.

U O‘zbekistonda ushbu filialning ochilishi “Freedom Finance” rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlar ekan, jumladan, shunday dedi:

“O‘zbekiston aholisi jihatidan Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat bo‘lib, uning iqtisodiyoti ham barqaror ravnaq topyapti”.

Mojyeykoning aytishicha, mamlakatda yalpi ichki mahsulot va aholi daromadlari oshishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning fikricha, mazkur islohotlar o‘z navbatida bu yerda pul siyosati barqarorlashuvi, valyuta ayirboshlashning liberallashtirilishi, davlat mulklarining xususiylashtirilishini o‘z ichiga olgan biznes muhitini takomillashtirishga zamin yaratdi  

“Bunday o‘zgarishlarning barchasi o‘zaro uyg‘unlikda moliyaviy servis xizmatlari provayderlariga kuchli o‘sish imkoniyatlarini taqdim etadi”, — dedi Yevgeniy Mojyeyko.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Freedom Finance kompaniyasi AQShning Freedom Holdings xoldingi tarkibiga kirib, brokerlik, dilerlik va depozitarlik faoliyatini olib boradi. 

Uning asosiy ish yo‘nalishi Amerika, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston fond bozorlaridir. Mazkur brend Moskva, Sankt-Peterburg, Qozog‘iston, AQShning NYSE, NASDAQ, CBOE, CME, AMEX kabi birjalariga, LSE, Euronext kabi Yevropa fond maydonlariga chiqish imkoniyatlarini taqdim etadi.  

Ayni paytda Freedom Finance kompaniyasining Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Ukraina va Kiprdagi shoxobchalarida 400dan ziyod ishchi-xodim faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid