O‘zbekiston | 22:03 / 09.04.2018
33792
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qiynoqlar uchun javobgarlik kuchaytirildi

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 4 aprelda imzolangan qonunga muvofiq, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, deb xabar qildi «Norma.uz».

Jinoyat kodeksining 235-moddasiga tuzatishlar kiritilgunga qadar unda qator rasmiy to‘siqlar mavjud bo‘lib, ular bir qancha hollarda qiynoqqa solishda sherik bo‘lgan shaxslarni ayni mazkur modda bo‘yicha javobgarlikka tortish imkonini bermas edi. Endilikda cheklovlar bartaraf etildi.

Birinchidan, ehtimoliy jabrlanuvchilar doirasi kengaytirildi. Ilgari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qonunga xilof xatti-harakatlar qiynoqqa solish deb e'tirof etilar edi. Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar, mahkumlar, sudlanuvchilar (haqiqatda aniqlik kiritildi, sababi ayblanuvchi sudda sudlanuvchi deb nomlanadi, JPKning 45-moddasiga qarang), shuningdek ularning yaqin qarindoshlari JKning 235-moddasida e'tibordan chetda qoldirilgan edi.

Ikkinchidan, javobgarlikka tortiladigan shaxslar doirasi kengaytirildi. Shu paytgacha unga surishtiruvchilar, tergovchilar, prokurorlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoxud jazoni ijro etish muassasalarining boshqa xodimlari kirar edi. Tergov izolyatorlari, harbiy tuzilmalar va h.k. «tushib qolgan edi». Endilikda JKning 235-moddasi bo‘yicha nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki istalgan boshqa davlat organining xodimlari ham javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bundan tashqari, nizoli jihat bartaraf etildi. Ayrimlar bevosita davlat organining xodimi tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof sodir etilgan boshqa harakatlarni qiynoqqa solish deb hisoblar edi. Endi aniq belgilanishicha: uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan bunday qilmishning sodir etilishi ham JKning 235-moddasi bo‘yicha qiynoqqa solish deb baholanadi. Haqiqatda bu qiynoqqa solish fakti haqida bilgan, biroq tegishli choralarni ko‘rmagan (hech bo‘lmaganda mazkur jinoyat haqida xabar bermagan) barcha davlat organlarining xodimlari jinoyatchi deb hisoblanishini anglatadi.

Jinoyat protsessining fundamental prinsiplaridan biri — haqiqatni aniqlashni tartibga soluvchi JPKning 22-moddasiga yangi qoida kiritildi: dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.

Uchinchidan, jinoyat darajasini belgilovchi yangi alomatlar (og‘irlashtiradigan holatlar) kiritildi — ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; hayotga va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar qo‘llanilib; dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) maqsadida qiynoqqa solish.

To‘rtinchidan, sanksiyalar kuchaytirildi. JKning 235-moddasi birinchi qismi (jinoyat darajasini belgilovchi alomatlarsiz) bo‘yicha 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo belgilandi. Ilgari maksimal jazo 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘lgan.

JKning 235-moddasi ikkinchi qismida (jinoyat darajasini belgilovchi alomatlarsiz) endilikda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutiladi.

Agar ushbu harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid