Jamiyat | 16:11 / 01.05.2018
62006
5 daqiqa o‘qiladi

Kelajak loyga botib qolmasin. Urgutdagi maktab o‘quvchilari ko‘p narsadan umidvor...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati, Urgut tumani, Ravot qishlog‘ida joylashgan 12 maktab filiali, undagi og‘ir sharoitlar haqida video va suratlar tarqalgan edi. Achinarli holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun qaydasan, Samarqand deya Urgut tumanida joylashgan mazkur maktabga tashrif buyurdik.

Maktab haqida aytadigan bo‘lsam, oralaringizda mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning «Birinchi muallim» qissasini o‘qiganlar bo‘lsa kerak. Unda asar qahramoni Duyshen go‘zal rivojlangan poytaxtni tark etib, o‘z ona qishlog‘iga qaytib eski bino bo‘lsa-da, o‘sha yerda yashovchi yosh avlodga ilm o‘rgatishni boshlaydi. Bizga murojaat qilgan maktab direktori Sharof aka ham shunday insonlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular maktab uchun jon kuydirayotgani shundoq ko‘zlaridan ma'lum.

Ravot qishlog‘iga borishimiz bilan Sharof aka bizni kutib oldi. Ularning aytishicha, maktab 1968 yilda qishloq ahlining hashari evaziga bunyod etilgan. Sobiq ittifoq davridan beri maktab «kapital» ta'mirga tushmagan. Maktabda hozirda 230 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Shu yilning sentabr oyida yana 30 nafarga yaqin o‘quvchini qabul qilish kutilmoqda. Biroq maktab binosi talabga umuman javob bermaydi. Maktabda bor yo‘g‘i ikkita bino mavjud. Kutubxona ham, sport maydoni ham, hatto hojatxonasi ham yo‘q. Xonalarni-ku, qo‘yaverasiz. Tomdan yomg‘ir yog‘sa, suv tomib chelaklarni to‘ldiradi. Yog‘ingarchilikda xonalar ichidagi tuproq loyga aylanadi. Xonalarning pol qismi yo‘q. Kompyuter uyoqda tursin, elektr tokining o‘zi yo‘q. Derazalar umuman ochilmaydi. Maktabda 40 nafarga yaqin o‘qituvchi dars berib kelmoqda. O‘qituvchilar xonasi ham juda achinarli holatda. Xullas, maktab xarobaga aylangan. Shunga qaramay, hatto qo‘shni qishloqlardan ham ilmga chanqoq yoshlar kelib, bitta partada uch kishidan o‘tirib bo‘lmasin savod olmoqda.

Ma'muriyat kerakli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan chog‘da ular maktab dasturga kiritilgan deb javob berib kelishmoqda. Maktab direktorining o‘rinbosari maktab qishda ham ishlaganini, ko‘mir yoqib xonalar isitilganini aytdi. Shunda ham yurt kelajaklari loy bosib maktab darslariga o‘z vaqtida qatnashibdi.

Homiylik masalasida esa qishloq fermerining aytishicha, bu yil tuman suv muammosi bilan qiynalmoqda. Hosildan esa darak yo‘q. Agar hosil yaxshi bo‘lib, daromad ko‘paysa, albatta, maktabga yordam qilishlarini, o‘zlari ham mana shu maktabda ta'lim olganliklarini ta'kidlab o‘tishdi.

Maktab ma'muriyati majlislarga borib kelishi bilan o‘quvchilar doim bizga yangi bino qurib berishadimikan hurmatli yurtboshimiz, deb savol berishar ekan. Maktab direktori esa sizlar yaxshilab ta'lim olsangiz, albatta, qurib berishar ekan, deb vaqtinchalik umid bag‘ishlab kelayotganini aytib berdi.

Rivojlangan davlatlar o‘tish bosqichidagi siyosatiga ahamiyat beradigan bo‘lsak, ular o‘z byudjyetining katta qismini har yillik taqsimot payti ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratadi. Biz yodlagan she'rdagi “Temur tig‘i yetmagan joyni, qalam bilan oldi Alisher” jumlasini ular tushunib yetgan holda, amaliyotda mazkur tizimni rivojlantirishga qaratib kelmoqda. Biz ham hukumatdan mazkur muammo tez orada o‘z yechimini topib qolishiga umid qilib qolamiz. Chunki farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib o‘sishlari uchun eng avvalo ularga sharoitlar yaratib berishimiz kerak. Keyin ulardan talab qilsak bo‘ladi deb hisoblayman. 

Zafarbek Solijonov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid