Jamiyat | 16:50 / 01.05.2018
8370
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-Chinoz yo‘liga yana bitta fotoradar o‘rnatiladi

Xalqaro ahamiyatga ega M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz” avtomobil yo‘lining 838-839 kilometri oralig‘ida avtomobillar tezligini foto va video qayd etish uskunalari o‘rnatiladi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati KUN.UZ’ga ma'lum qildi. 

Xabar qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining so‘rovi,  mahalla faollari va fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda ushbu hudud borib o‘rganilgan. Shu hududda yashovchi fuqarolar va maktab o‘quvchilari yo‘lning qatnov qismidan o‘tishga qiynalayotgani, ushbu maktabda 400ga yaqin o‘qituvchi va o‘quvchilar borligi, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilarning 80-85% maktabga borib kelishi uchun yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tishi aniqlangan. Avtomobillar belgilangan tezlik me'yoridan ortiq harakatlanayotgani ma'lum bo‘lgan. 

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati
Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Shu munosabat bilan mazkur hududga avtomatlashtirilgan foto va video qayd qiluvchi texnik vositani o‘rnatish lozim deb topilib, bugungi kunda qurilish va montaj ishlari olib borilmoqda. Ma'lumki, ushbu avtomobil yo‘lining uchta aholi yashash hududiga yangi namunadagi maxsus texnik vositalari o‘rnatilgan edi. Ushbu tizim yo‘l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar yordamida nazorat qilish, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, qayd etish hamda profilaktika qilish ishlari samaradorligini oshiradi.

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati
Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo‘ljallangan, avtomatlashtirilgan foto va video qayd qiluvchi texnika vositalari Toshkent viloyatining boshqa asosiy yo‘llari hamda shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid