O‘zbekiston | 15:09 / 01.05.2018
96827
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sobiq mudofaa vaziri yangi lavozimga tayinlandi

Foto: Wikipedia

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sobiq rahbari Qobul Berdiyev yangi lavozimga tayinlandi. Bu haqda KUN.UZ manbasi xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Qobul Berdiyev endilikda O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘i sifatida ishlaydi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ham ushbu ma'lumotni tasdiqladi.

Qobul Berdiyev 2017 yilning sentabr oyi boshlarida mudofaa vaziri lavozimini tark etgandi. O‘shanda bu vazirlikka sobiq ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov rahbar etib tayinlangan.

Shundan so‘ng general-polkovnik Qobul Berdiyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasiga rahbar bo‘ldi. Biroq, Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 10 yanvar kuni prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida nutq so‘zlab, Qobul Berdiyevni qattiq tanqid ostiga oldi va u Qurolli kuchlar akademiyasi rahbarligidan bo‘shatilganini ma'lum qildi. 

Ma'lumot uchun, Qobul Raimovich  Berdiyev 1955 yil 5 aprel kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1976 yilda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini va 1988 yilda Frunze nomidagi harbiy akademiyani tamomlagan. 2000-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Birlashgan shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari. 2003-2006 yillarda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti boshlig‘i. 2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri. 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari - Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni. 2008 yil 17 avgustda Islom Karimov tomonidan mudofaa vaziri etib tayinlangan. I darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan. General-polkovnik.

Fuqaro muhofazasi instituti O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziriga bo‘ysunadi va o‘z faoliyatini uning rahbarligi ostida, Markaziy apparatning boshqarmalari va xizmatlari, FVVning hududiy va tarkibiy tuzilmalari, O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-tadqiqot va o‘quv muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Institut FVDTning yuqori boshqaruv va tashkiliy bo‘g‘ini mutaxassislarni, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri - Fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan Jamlash rejasiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining, FVVning shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarni, FVV tarkibiy va hududiy tuzilmalari qutqaruv xizmatlarining qutqaruvchilarni, boshqa vazirlik va idoralarning qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiradi.

Mavzuga oid