Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Huawei yangi texnologiyalarni joriy qiladi
Huawei kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Taraqqiyot strategiyasi markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston davlat organlari vakillari uchun Xitoyga navbatdagi tashrif tashkil qildi. Tashrifdan maqsad innovatsion texnologiyalar hamda davlat organlari boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar bilan tanishishdir.
Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, tashrifning birinchi kuni delegatsiya vakillari Xunan viloyati markazi bo‘lmish Changsha sanoat shahriga yetib keldilar. Shahar to‘rtta asosiy sanoat zonalariga bo‘lingan bo‘lib, u yerda uchta ilmiy-texnologik tadqiqotlar markazi va beshta innovatsion texnopark joylashgan. Mazkur markaz va texnoparklarda faoliyat yuritadigan 20 mingta kompaniyaning umumiy yillik oboroti 60 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.
Yurtimiz vakillari «Yuqori texnologik Changsha industrial zonasi»ni tomosha qilisharkan texnoparklar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan yangi texnologiyalar, qishloq xo‘jaligidagi, jumladan, urug‘chilik bo‘yicha innovatsiyalar, biotibbiyotga doir ishlanmalar, energiya iqtisod qiluvchi kashfiyotlar, ilmiy-tadqiqot institutlar faoliyati, patentlangan ixtirolar va boshqa yangiliklar haqida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.
Changsha industrial zonasi rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarov O‘zbekistonda texnoparklar, innovatsion markazlar va ilmiy-tadqiqot institutlarini ochishga keng imkoniyatlar yaratilayotganini va bu borada xitoylik mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidladi.
«O‘zbekiston Xitoy xalqaro institutlari, ilmiy birlashmalari bilan hamkorlik qilishga tayyor. Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, yengil va og‘ir sanoat, energetika kabi sohalarga innnovatsion yechimlar hamda texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha xitoylik mutaxassislarni birgalikda faoliyat yuritishga rasman taklif qilamiz», — dedi Baxtiyor Umarov.
O‘z navbatida mezbonlar «aqlli shahar», «samarali energiya tejash», «xom ashyoni qayta ishlash», «aqlli qishloq xo‘jaligi», «telekommunikatsiya» singari konsepsiyalarga joriy etish mumkin bo‘lgan birgalikdagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni nazarda tutadigan bayonnomani imzolashga rozilik bildirdilar. Telekommunikatsiya va innovatsion yechimlar bo‘yicha Xitoyning eng ilg‘or korxonalaridan sanaladigan «Huawei» i «Waison» kompaniyalari mazkur loyihalarni O‘zbekistonda amalga oshirish va texnoparklarni yaratishda ishtirok etadi.
Tomonlar ushbu hamkorlikdan maqsad — ikki mamlakat ilmiy jamoatchiligini birgalikdagi faoliyati va harakatlari tufayli yangi texnologiyalar va yechimlardan foydalangan holda tovar ayirboshlash imkoniyatlarini kengaytirish ekanligini ta'kidladi.
Delegatsiyaning, shuningdek, Shenjyen shahriga tashrifi ham rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamjihatlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
22:15 / 09.06.2026
Xitoyda ilk marta odamga cho‘chqaning ikkita buyragi va jigari muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi
21:33 / 09.06.2026
Xitoyning o‘nlab kompaniyalari Pentagonning qora ro‘yxatiga kiritildi
20:27 / 09.06.2026