Jahon | 10:58 / 09.05.2018
18994
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning Eron bo‘yicha qarori neft narxiga ta'sir qildi

Foto: RIA Novosti/Maksim Bogodvid

Tokio tovar birjasida Dubay xom neftining joriy yil oktabr oyida yetkazib berishga fyucherslar qiymati bir kilolitr (taxminan 6,289 barrel) uchun 1,37 foizga o‘sdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bilan yadroviy bitimdan chiqish haqidagi qaroridan so‘ng yuz berdi.

Soat 10:00 (Toshkent vaqti bilan 06:00)dagi holatga ko‘ra, bunday neftning bir kilolitrini yetkazib berishga fyucherslar maksimal narxi 48 210 iyena (taxminan $440)ni tashkil etdi, bu avvalgi kundan 560 iyenaga ko‘p.

"Xom neft fyucherslari narxi Eron bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha butun dunyoda xavotir kelib chiqqani tufayli oshmoqda", - deya bozor tahlilchilaridan birining so‘zlarini keltiradi NHK telekanali.

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Vashington Eron yadro dasturi bo‘yicha bitimdan chiqishi haqida ma'lum qildi. Bu bitim Tehronning yadro sohasidagi faolligiga BMT XK sanksiyalari bekor qilinishi evaziga cheklov qo‘ygan. AQSh ma'muriyati rahbarining bildirishicha, Qo‘shma keng ko‘lamli harakatlar rejasi Eronga yadro bombasini cheklovlarni chetlab o‘tgan holda yaratish imkonini bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron prezidenti AQShni psixologik urushda ayblab chiqqandi.

 

Mavzuga oid