Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi: Xalqaro tashkilotlardan biri O‘zbekistonda faoliyatini boshlashi mumkin
Til o‘rganish va ta'limdagi hamkorlik Amerika Kengashlari (ACCELS/ The American Councils for Collaboration in Education and Language Study) xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda faoliyatini boshlash uchun Adliya vazirligiga murojaat qilgan. Bu haqda Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov Kun.uz'ga ma'lum qildi.
11 may kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mazmun mohiyati va unda nazarda tutilgan yangilik haqida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida tashkil etildi.
Unda, Akbar Toshqulov O‘zbekistonda faoliyatini boshlash yoxud qayta tiklash maqsadida vazirlikka murojaat qilgan xalqaro tashkilotlar haqida ma'lumotlar berib, AQShning ACCELS tashkilotidan ariza kelib tushganini ma'lum qildi.
«Ayni paytda hujjatlar belgilangan tartibda o‘rganilmoqda. Tez orada bu haqda rasman ma'lumot beramiz», deydi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, Adliya vazirligi «Buyuk kelajak» xalqaro tashkiloti ham ro‘yxatdan o‘tkazdi. Mazkur kengashda xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan hamda huquq, moliya, sanoat, fan, ta'lim, tibbiyot, ijtimoiy munosabatlar, davlat boshqaruvi sohalarida yetakchi mutaxassislar hisoblangan o‘zbekistonlik ekspertlar ham ishtirok etmoqda. Buyuk Kelajak ekspertlari kengashining bosh maqsadi mamlakat rahbariyati uchun O‘zbekistonni 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlantirish modeli bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va tayyorlab berishdan iborat.
2017 yili esa Shodiyev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shodiyev xalqaro fondining Bosh ofisi Lixtenshteyn knyazligida joylashgan bo‘lib, asosiy maqsadi ilmiy, tibbiy, ijtimoiy, madaniy va ta'lim sohalarida loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va homiylik qilish hisoblanadi. Fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar uylariga gumanitar ko‘mak va aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish loyihalariga xayriya yordami ko‘rsatishdan iborat.
Ma'lumot uchun, 2004 yildan buyon O‘zbekistonda ro‘yxat o‘tgan xalqaro tashkilotlar soni 3 baravar kamaygan bo‘lib, buning sababi ikki xil. Ayrim tashkilotlar o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini amalga oshirish davomida O‘zbekiston milliy qonunchilik normalarini qo‘pol ravishda buzgan. Boshqalari esa o‘z tashabbusiga ko‘ra tugatilgan. Oliy sud qaroriga ko‘ra tugatilgan qonunbuzar xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Mavzuga oid
09:17 / 11.06.2026
Professordan tarbiyachigacha: pedagogik lavozimlar ro‘yxati belgilandi
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
11:51 / 22.05.2026
IIV, Adliya va Tog‘-kon vazirligi - davlat boshqaruvidagi eng ilg‘or idoralar
15:51 / 12.05.2026