O‘zbekiston | 12:29 / 11.05.2018
8731
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi inson huquqlari holati Jyenevada ko‘rib chiqildi

9 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Jyenevada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi universal davriy tahlilga (UDT) oid Ishchi guruhining 30-sessiyasi doirasida UDT jarayoni bo‘yicha uchinchi milliy hisobotni taqdim etdi. Birinchi va ikkinchi sikllar tahlili 2008 yil dekabr oyida va 2013 yilning aprelida ko‘rib chiqilgandi. Ikkinchi hisobotni muhokama qilish chog‘ida O‘zbekistonga inson huquqlariga oid 203ta tavsiya berilgan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Akmal Saidov 2017 yilni «O‘zbekiston uchun inson huquqlari sohasidagi yutuq» deb atadi. U O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik Harakatlar strategiyasi haqida gapirdi, unda inson huquqlari himoyasiga muhim o‘rin ajratilgan. Siyosiy, huquqiy va sud islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish choralari va davlat xizmatlarining sifati qayd etildi.

Yig‘ilish doirasida 78 mamlakat chiqish qildi, ular 200dan ortiq tavsiyalar kiritdi. Ularni qabul qilish 11 mayga belgilangan.

Delegatsiyalarning ko‘pchiligi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy, institutsional va ma'muriy islohotlar, mamlakatni xalqaro miqyosda jalb etilishi va konstruktiv muloqotga ochiqligini yuqori baholashdi.

O‘zbekistonning BMT huquq himoyasi tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha sa'y-harakatlari qo‘llab-quvvatlandi. 

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo davlatlar O‘zbekistonning bolalar mehnatini, ayniqsa paxta yig‘im-terimida bartaraf etish, majburiy mehnatni yo‘q qilish yo‘nalishidagi aniq qadamlari va ushbu sohalarda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ijobiy baholashdi.

So‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati va ularni ro‘yxatga olishning soddalashtirilishi, inson huquqlari bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimini yaratish, korrupsiyaga qarshi, qiynoqlarga qarshi kurash, odam savdosiga qarshi kurashish va ularning qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarali deb topildi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid