22:43 / 12.05.2018
23877

Olmazor tumaniga tayinlangan yangi hokim rasman tasdiqlandi

Bugun, 12 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Xalq deputatlar Olmazor tumani kengashi vakillari ishtirokida qo‘shma majlis bo‘lib o‘tdi. Olmazor tuman hokimiyati binosida o‘tkazilgan mazkur majlisda tumanga yangi xokim saylanishi masalasi ko‘rildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, taklif qilib ko‘rsatilgan Baxtiyor Rahmonov nomzodi qatnashganlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi. Tuman kengashi deputatlari so‘zga chiqib, yangi tuman hokimini tabrikladi. Kelgusida amalga oshirmoqchi bo‘lgan oqilona siyosatiga tuman kengashi deputatlari ham amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta'kidlashdi.

“Baxtiyor Sultonovich, men sizga ochig‘i hasad qilaman. Nega? Chunki siz haqiqiy tajribali hokimsiz. Sizdan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi”, deb Jahongir Ortiqxo‘jayev yangi hokimning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi. 

Olmazor tuman hokimi Rahmonov so‘zga chiqib, majlis ishtirokchilari tomonidan unga bildirilgan ishonchni oqlashi, kelajakda tuman hududini yanada obodonlashtirishga oid siyosatni olib borishi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Baxtiyor Rahmonov. Foto: KUN.UZ
Top