O‘zbekiston | 20:20 / 13.05.2018
266388
8 daqiqa o‘qiladi

Yana 13 may. 13 yillik sir

Bugun «13 may»ga 13 yil to‘ldi. So‘z bilan ifodalash qiyin (ifoda ham etilmagan) Andijon voqealarining qonli tarixiga murojaat qilishda har doim voqealar tushunarsiz bir tizmadan boshlanadi. «Akromiylar» oqimiga a'zo sifatida ko‘rilgan jinoyatchilar qurolli yo‘l bilan davlat idora va tashkilotlariga, xususan hamtovoqlari saqlanayotgan Andijon shahridagi qamoqxonaga hujum qilgan».

Bu voqealar ortida aslida kimlar turgan? Nega tadbirkorlik qilib yurgan shaxslar hokimiyatni qurol bilan to‘ntarishga kirishgandi? G‘arbning voqea yuzasidan iddaolari-chi?

Bu voqea o‘sha yilning sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov surishtiruv natijalaridan keyingi hisobotda «O‘zbekiston mustaqil siyosati, uning milliy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish va islomiy davlat barpo etishga qaratilgan, geosiyosiy manfaatlarga to‘liq mos keluvchi puxta o‘ylangan va rejalashtirilgan harakat» deya baholangandi.

Men 13 yil avval shu voqealarga shaxsan guvoh bo‘lgan, jarayonning rivojlanish nuqtasida yuz bergan holatning tafsilotlari bilan tanish shaxs bilan suhbatlashdim. Suhbatdoshning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi oshkor etilmaydi.

«Hammasi asosiy voqealar yuz berishidan 3 kun avval, 2005 yil 10 may kuni yuz berdi. Taxminan soat ko‘rsatkichi 20larga yaqinlashgandi. Asakalik MXX xodimi va Andijon tumani IIB xodimlariga Oqyor qishlog‘i M.Soliyev MFYda joylashgan Mustaqillik ko‘chasida istiqomat qilayotgan Murodilla Yusupov xonadonida bir guruh begona kishilar yashirincha yashab kelayotgani haqida xabar kelib tushdi.

Hech narsadan xabarsiz huquq-tartibot organlari xodimlari katta tezkor vakil Odil Yo‘ldoshev, profilaktika-inspektor noziri Alisher Pozilov, Voyaga yetmagan shaxslar bilan ishlash bo‘yicha inspektor Azim Qodirov va MXX xodimi bo‘lgan shaxs Murodilla Yusupovning uyiga bu yerda yashayotgan kishilar kimligini aniqlash uchun yetib borishdi», deydi suhbatdoshim.

Uning ta'kidlashicha, uydagi sharoit o‘zgacha bo‘lgan: Bu yerdagi 19 nafar shaxsning barchasi erkak kishilar, ularning ayrimlari Andijon tumanida doimiy ro‘yxatga qo‘yilmagan, asli qo‘qonlik va Andijon viloyatining boshqa tumanlarida yashovchilar bo‘lgan.

«Uydagilar bilan suhbatlashib, pasporti bo‘lmaganlar shaxsni aniqlash uchun mahkamaga olib ketilishi kerakligi bildirildi. 13 nafar xodim 19 kishidan iborat guruh oldida ojizlikni his etib, yordamchi kuch chaqirgandi. Biroq, yordamchi kuch Soliyev mahallasiga yetib kelmasdan, ko‘chadan 20ga yaqin kishi uyga bostirib kira boshladi. Uy ichida bo‘lgan xodimlardan 5 nafari eshikdan chiqib ketolmadi, qolganlar voqea joyidan ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Uyda oq rangli «Damas» va «Vaz 2102» rusumli avtomashinalar bo‘lgan. Xodimlardan To‘lanboy ismli shaxs hozircha noma'lum bo‘lgan kishilar tomonidan ushlab qolinadi. Keyinroq, hamkasbini qutqarish uchun uyga qaytgan xodim ham qo‘lga tushadi. To‘lanboy aka bir amallab, tomga chiqib qochib ketdi, ammo ikkinchi xodim ularning qo‘lida qoladi. Besh kishi qayerdandir paydo bo‘lgan «Tiko» avtomashinasiga ikkinchi xodimni solib olib ketgan. Jinoyatchilarning yuzini ko‘rib qolgan xodimni «gumdon» qilish maqsadida Andijon shahri Piyozpoya mavzesidan oqib o‘tuvchi «Haqiqat» kanaliga ushlangan xodim oqizib yuborilgan», deb so‘zlarida davom etdi suhbatdosh.

Ma'lum bo‘lishicha, kanalga oqizib yuborilgan xodimning qo‘l va oyoqlari o‘zining kamariga bog‘langan, uzoq kaltak va zarbalardan keyin muzdek suvda u hushiga keladi. Kamarni yechishga harakat qiladi.

«Sud majlisida ham sudlanuvchi Ibrohim Ismoilov ushbu epizod bo‘yicha «Haqiqat» kanali haqiqatni yuzaga chiqardi», degandi. Negaki, xodim tirik qoldi, bu payt vaqt qoq tunga yaqinlashib qoldi. U avval uyga, keyin bo‘limga xabar berdi. 11 may kuni u shifoxonaga joylashtirildi, o‘sha paytlar Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Nosir Mamadiyev va tadbirkor (aslida qurolli harakatlarni nazorat qilib turgan uch nafarning shaxsdan biri) Bahrom Shokirov esa birgalikda palataga kirib kelishdi. «Bizning bolalar boshqalarga ozor bermaydi», deya o‘zini oqlamoqchi bo‘ladi Bahromov.  Bu orada asosiy figurantlardan biri - Qobil Parpiyev qamoqxonada jazosini o‘tayotgan Akrom Yo‘ldoshev bilan muntazam aloqada edi.

Payshanba, 12 may kuni esa 23 kishiga nisbatan olib borilayotgan sud majlisida sudning hal qiluv qarori e'lon qilinmadi, sud noma'lum muddatga qoldirildi. Ko‘chada sudlanuvchini qo‘llab-quvvatlab turgan jamoat sarosimada har xil mish-mish tarqata boshladi. Asosiysi shundaki, 12 may kuni sud majlisida hal qiluv qarori e'lon qilinishi bilan qurolli to‘qnashuv boshlanishi ham ehtimoldan xoli emasdi. Shunga qaramay, 10 may kuni Murodillaning uyida yuz bergan voqea «Akromiylar» rejasini tezlashtirib yubordi, ular Andijon chegarasida saf tortib turgan qurollangan 200 nafar harbiyni ham kutmasdan, 13 may kuni hujumga o‘tishni o‘ylay boshlashgan», deb so‘zlarini yakunladi suhbatdosh.

Bizga ma'lum bo‘lyaptiki, Andijon voqealari o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmadi, unga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan, turli manzillarda guruh-guruh jangarilar jalb etilgan. Xalq va ommani qo‘zg‘atish uchun turli nayranglardan foydalaniladi, xususan sud binosi ro‘parasida o‘tkazilgan «tinch maqsaddagi mitinglar» shular jumlasidan. Shunday qilib, bizga tanish voqealar boshlanadi. Binolar egallanadi. Odamlar vafot etadi.

Rasmiy hisobotlarda yozilishicha, «terrorchilik harakati natijasida 187 kishi halok bo‘lgan, shulardan 60 nafari tinch aholi vakillari, ularning ichida ikki nafar voyaga yetmaganlar va bir nafari ayol edi. Terrorchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakilini o‘ldirishgan. 287 kishi, jumladan, 91 nafar tinch aholi vakillari, 49 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va 59 nafar harbiy turli darajadagi tan jarohatlari olishgan».

Terrorchilarga qarshi chora-tadbirlar vaqtida esa 94 nafar terrorchi yo‘q qilingan, 76 nafari yaralangan.

Faqat bitta savol hamon ochiq qolaveradi: qurolli to‘qnashuvda maydonga to‘plangan, hali hech narsadan xabari bo‘lmagan tinch aholi vakillari ham otilganmidi? To‘s-to‘polonlar vaqtida aslida qancha odam halok bo‘lgandi? Afsuski, yuqorida ta'kidlangan, quyida keltirilgan savollar yana uzoq yillarga javobsiz qoladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid