21:30 / 14.05.2018
21151

Al-Qudsda Amerika elchixonasi ochildi

Bugun, 14 may kuni Al-Quds shahrida (Quddus) AQSh o‘z elchixonasini ochdi, amerikaliklar Tel-Avivdagi elchixonani bu yerga ko‘chirdi.

Elchixonani ko‘chirish marosimi Isroil davlati tashkil topganining 70 yilligi kuniga to‘g‘ri keldi.

Marosimda AQShdan yuqori martabali kishilar kelishdi, jumladan, AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka hamda uning turmush o‘rtog‘i, prezidentning katta maslahatchisi Jared Kushner, Moliya vaziri Stiven Mnuchin hamda AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisi Jyeyson Grinblatt Al-Qudsda hozir edi.

Ivanka Tramp va AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin / © EPA-EFE/ABIR SULTAN

Elchixonaning ochilish marosimida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham ishtirok etdi. Trampning o‘zi Isroilga kelmadi, ammo u marosimni teleko‘prik orqali kuzatib bordi.

Tramp videomurojaat orqali ochilish marosimi mehmonlariga elchixonaning rasman ochilganini e'lon qildi.

Trampning bayonotiga ko‘ra, Isroil suveren davlat hisoblanadi va har qanday mustaqil davlat kabi o‘z poytaxtini belgilash huquqiga ega. Shuningdek, u ko‘p yillar davomida Isroilning poytaxti Al-Quds ekanligi tan olinmaganini qayd etgan.

Foto: Reuters

Trampning so‘zlaridan so‘ng AQSh moliya vaziri Stiv Mnuchin bosh konsullikdagi Qo‘shma Shtatlar gerbi va yozuv ustidagi havorang matoni tushirdi. Endi diplomatik missiya elchixona maqomini oldi.

Amerika elchixonasi vaqtincha AQShning shahardagi bosh konsulxonasi binosida faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, Tel-Avivdagi bino AQSh diplomatik missiyasi maqomini saqlab qolgan: xodimlarning aksar qismi elchixona uchun yangi bino qurilmagunicha shu yerda ishlashni davom ettiradi. Hozircha Al-Qudsda faqat elchi va yana bir necha diplomatlar faoliyat yuritib turadi.

Donald Tramp o‘tgan yilning 6 dekabrida Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandi va AQSh o‘z elchixonasini Tel-Avivdan shu shaharga ko‘chirmoqchiligini ma'lum qilgandi.

Xuddi shu vaqtda Isroil tashkil topganining 70 yilligi va bu yubileyga bag‘ishlab AQSh elchixonasining Al-Qudsga ko‘chirilishi sababli G‘azoda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Isroillik askarlar barcha namoyishchilarni o‘qqa tutgan. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 52 kishini tashkil qilmoqda. Yana 2,4 mingdan ko‘proq odam yarador bo‘lgan.

Mavzu
G‘azo sektorida yangi mojaro

14 may kuni AQSh Quddusda elchixonasi ochilishiga javoban G‘azo sektorida falastinliklar norozilik namoyishlari o‘tkazishdi. Natijada Isroil harbiylari bilan qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqib, 40dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

Barchasi
Top