Yana «O‘zagroeksport» haqida: «Beli og‘rimaganning narx belgilashini ko‘r!»
Xalq maqolini o‘zgartirdim, chog‘i?.. Shunaqa bo‘lib qoldi-da... Harqalay, «Bozorga bodring chiqdimi, turpga hojat yo‘q» deya yangi hikmat to‘qimadim-ku?
Yana o‘sha sabzavot va meva eksportidagi muammolar haqida gaplashamiz. Yodingizda bo‘lsa, «KUN.UZ» sayti shu oy boshida sohadagi ma'lum muammolar tufayli Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida sabzavotlar chiqindiga tashlanayotgani haqida maqola e'lon qilgan edi. Maqola e'lon qilingach, OAVda mazkur mavzuga doir juda ko‘p chiqishlar guvohiga aylandik.
Bizni hayron qoldirgani, «O‘zagroeksport» tashkiloti mavjud muammolarni hal qilish uchun dehqon va eksportyorlar tomon qadam bosish o‘rniga, ayni paytdagi holat juda yaxshi ekanligini uqtirishga harakat qilganida bo‘ldi. Maqoladan maqsad - dehqon va eksportyor bilan «O‘zagroeksport»ning orasini buzish emas, balki muammoni ko‘tarib, ikki tomon uchun manfaatli kelishuvga erishish bo‘lgandi.
Quyida, ayni pishiqchilik oldidan eksport bilan bo‘layotgan mojarolar haqida gaplashamiz.
Oltiariqqa «O‘zagroeksport» keldi, ko‘rdi, eshitdi, ketdi..
Avvalgi maqola «o‘rgimchak to‘ri» yuzida tarqalgach, oltiariqlik «turp saqlab cho‘ntagi kuygan» ikki eksportyor Bekzod Raimov va O‘tkir Hamdamovga «O‘zagroeksport»dan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. «Turpingizga xaridor bor. Saqlanayotgan joyidagi va mahsulotning kesilgan holatdagi suratlarni jo‘natinglar» deyilgach, ikki hamkor muzlatgichga borib, mazkur talabni bajaradi.
Ertasiga, yurtda yetishtirilgan sabzavot va meva-chevalarning eksportiga ma'sul bo‘lgan tashkilotdan 9 nafar kishi Oltiariqqa keladi. Ular orasida «O‘zagroeksport» rahbar xodimlari, marketolog va narx belgilovchi mas'ul shaxslar bor edi. Eksportyorlar ularga muzlatgichga qo‘yilgan turpni ko‘rsatishadi. Keyin bilishsa, ularning orasida xaridor yo‘q ekan. Uch soatlik suhbat davomida eksportchilar «O‘zagroeksport»dan 50 tonna turpga xaridor topishda yordam berishini so‘raydi. «Yuqori» tashkilot esa buning iloji yo‘q ekanini aytgan.
«Mutasaddilarga xaridor topishning iloji yo‘q bo‘lsa, vakolatlaring doirasida yordam kerak. Turp narxini tushirib beringlar, dedik. Oltiariqda o‘zim tanigan va ayni paytda muzxonada turp saqlanayotgan boshqa eksportchilarning ham telefon orqali dardini eshittirdik. Ular bizga: «Oziq-ovqat vazirligiga, turpning narxini tushirib berishingizni so‘raymiz, degan murojaatnoma yozib beringlar» deyishdi. Shunda biz vakillarga: «Vazirlikka o‘zimiz yozib jo‘nataveramiz, sizlarning bizga nima foydanglar tegishi mumkin? Mana ko‘rib turibsizlar - muzxonada mahsulot yotibdi, boshqa muzxonalarda ham bor. Turpni men dehqondan 350 so‘mga olganman. Uni qoplab, transport xarajati qilib, muzlatgichga olib kelishim bilan 450 so‘m bo‘ldi. Besh oy muzlatgich omborda saqlash uchun kilosiga 50 so‘mdan to‘ladim. Hozir shu turpning tannarxi 700 so‘m. Lekin xaridor yo‘q. Sababi, tonnasiga 175-228 dollardan narx belgilangan. Axlatga tashlash o‘rniga zarariga 300 so‘mdan sotaman deganlar ham bor. O‘zlaringda xaridor yo‘q bo‘lsa, barcha bilan suhbatlashib, o‘rtacha narxni belgilab bersalaring, xaridor topib sotar edik» deganimizdan so‘ng ular ketishdi. Biroq o‘zgarish yo‘q. Turpga belgilangan narx esa o‘shanday turibdi», deydi Bekzod Raimov.
Tadbirkorlar «O‘zagroeksport»ning marketing va eksport bo‘yicha direktori Sulton Nazarovga «Narxni qaysi mezonlarga asosan belgilaysizlar?» deya savol berishadi. Mutasaddi bu so‘rovga ichki va tashqi bozor o‘rganib narx belgilanishini aytadi. Shunda biz u kishiga «Mahsulotning ichki bozorda narxi tushib, nes-nobud bo‘layotgani tufayli uning olib chiqib ketish narxini arzonlatib, yoki kelishilgan holda sotilsin deb belgilab qo‘ysa bo‘lmaydimi?»,- degan savolni ham berdik. Sulton Nazarovning javobi shunday bo‘ldi: «Unda mamlakatimizda yetishtirilgan mahsulotlarning jahon bozorida obro‘si tushib ketadi!».
Dunyoda eng tavakkal ish - sabzavot va meva-chevafurushlik. Chunki, bugun va ertaga bo‘ladigan narx o‘n baravar farq qilishi mumkin. Nahotki, mas'ul marketologlar shuni tushunishni istamasa? Chet elga pokiza, mazasi zo‘r, hech qanday GMO aralashmagan arzon mahsulot yetkazilsa, mahsulotlarimizning obro‘si oshishi mumkin xolos, axir?
Qizig‘i, mas'ul tashkilot ularga bundan bir oy oldin turpga 800 so‘mdan xaridor jo‘natganini aytadi. Lekin, o‘sha xaridorni Oltiariqda hech kim ko‘rmagan bo‘lib chiqdi. Yana ular o‘sha 50 dollardan xaridor bo‘lgan chet ellik xaridor bilan tuzilgan shartnomani so‘rashdi. «Men sizlardan turpni tonnasini 50 dollardan olaman. Rozi bo‘lsangiz, shartnoma jo‘natishim mumkin» deb kelishuv tomon qadam bosgan chet ellik tadbirkor 175 dollar narxni eshitgach, shartnoma jo‘natmasligi aniq-ku!?
Tadbirkorlar oldindan pul tushirib, so‘ng eksport qilishni yoqlashyapti. Chunki, bu dehqon va eksportchilarni aldanib qolishdan saqlaydi. Faqat har qanday mahsulotga ichki bozordan kelib chiqib, narx belgilash payti keldi.
Vodiy xalqi avvaldan eksportyor
Men o‘zim Andijonning Oltinko‘l tumanidanman. Bir parcha yerni qadriga yetadigan va undan daromad olishni eplaydigan joy.
Yoshligimdan bilaman, atrofimizdagi mahallalar ahli pomidorni erta yetishtirib, qo‘shni davlatlarga yuk jo‘natar edi. Yashiklar ostiga qog‘oz solib, ko‘k pomidorning har xilini terib chiqish qanday bo‘lishini amaliyotda sinaganmiz. 80-95 yillarda otalarimiz - bahorda pomidor, yoz oylarida ikkita jomadon va ikkita qog‘oz qutiga uzum solib, «Sverdlovsk, Barnaul qaydasan?» deya yo‘lga chiqar, ikki haftadan keyin bir dasta pul bilan qaytib kelardi.
Men bu xotiralarni qaysidir davrni qo‘msab yozayotganim yo‘q, balki vodiydagi aholi avvaldan o‘zi yetishtirgan sabzavotlarni chetga olib chiqib, sotib tirikchilikka yaratgani haqida ma'lumot bermoqchiman xolos.
Keyingi yillar davomida ham sabzavot yetishtirish ana shunday davom etdi. Har bir tumanning ma'lum bir joyida bahor, yoz oylarida xalq tili bilan aytganda «pitaklar» paydo bo‘lar va u yerda Rossiya, Qozog‘iston tomon mahsulot olib boruvchi yuk mashinalari turardi. Aholi ichidan chiqqan, hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan eksportyorlar (yukchilar) bahorda aholi tomorqasidan yetishtirilgan pomidorni yuklab tavakkaliga ish yuritib, qo‘shni davlatlar sari yo‘lga chiqar edi. Ba'zi-ba'zida chuv tushganlari ham bo‘lgan.
Andijonning chetga mahsulot chiqarib, dehqonchilikdan boyigan qishlog‘i - Ko‘makayning har xonadonda ikkitadan mashina bor. Ishonmasangiz, kelib ko‘ring...
So‘nggi o‘n yilda sabzavotlarni eksport qilishda turli muammolar paydo bo‘lgach, atrofimizda yashovchi aholi vakillari chet elga ishlagani chiqib keta boshladi.
O‘tgan yil bahoridan mamlakatimizda eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, shaxsiy tomorqaga e'tibor kuchayganda hamma birdek xursand bo‘lgani bor gap.
Afsuski, o‘zi yetishtirgan mahsulotga «yuqoridan» umuman noreal narx qo‘yib, chetga faqat belgilangan narxda sotilishi dehqon va eksportyorlarning oyog‘iga tushov soldi hisob..
Hisob-kitob qilamiz
Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan dehqon-fermer fevral oyida 1 gektar joydagi issiqxonaga ertaki hosil yetishtirish uchun pomidor ekkan. Uning xomcho‘tini tinglayman. «Bir gektar maydonga 32 ming tup pomidor ko‘chati ekkanmiz. Ko‘rib turganingizdek, hosil yetildi. Shu kungacha ko‘chat, issiqxonani isitish, ishchilarning ish haqi singari xarajatlarimiz 60 million bo‘ldi», deydi dehqon.
Bugun hali qizarmagan pomidor uchun kilosiga 4 ming so‘mdan xaridor keldi (Adashtirib qo‘ymang! Ko‘k pomidorga). Mavjud issiqxonadan o‘rtacha 90 tonna hosil olish mumkin. Mahsulot narxi borgan sari arzonlashib boradi. 4 ming so‘m juda yaxshi narx. Birinchi uzishda 7 tonna hosil chiqdi. Keyingisida 10 tonna. Demak, uch uzishda yetishtirishga ketgan mablag‘ qoplansa, qolgani daromad.
Lekin, «O‘zagroeksport» belgilagan narx tonnasiga 1000 AQSh dollari. Bu kilosi 8 ming so‘m atrofida deganidir. «O‘zagroeksport» ko‘k va qizil pomidorga bir xil narx belgilagan.
Eksportyor o‘n besh kunda sotiladigan joyiga qizarib boradigan ko‘k pomidorni dehqondan 4 mingdan sotib olib, unga chet eldan kilosiga 8 ming so‘mdan pul tushirishi, 20 foiz bojxona solig‘i, yana transport xarajati bilan o‘zga davlatga olib chiqishi lozim.
«O‘zagroeksport» bugungi voqelikka qarab, bozorni o‘rgangach, so‘ng narx qo‘ysa bo‘lmaydimi?
Piyoz ekkan dehqonning beli sindi, turp ekkan hosilni axlatga uloqtirdi.
Bozorda gilosning eng zo‘ri 18 ming so‘m. «O‘zagroeksport» esa 32 ming narx belgilabdi. Endi yurak siqilishi navbati gilos ekkan bog‘bonga keldi.
Nega dehqon va bog‘bon o‘zi ekib, zahmat chekib yetishtirgan mahsulotiga o‘zi narx qo‘ya olmaydi? Mahsulotga osmondagi narxni qo‘yishdan kimga foyda?
P.S. Oltiariqlik ikki eksportyor bugun yana qo‘ng‘iroq qildi. Muzlatgich egasi mahsulotlarni olib chiqib ketishni so‘ragan. Ular turpga qo‘shni davlatdan 600 so‘mdan xaridor borligini, «O‘zagroeksport» narxni tonnasiga 50 AQSh dollarga tushirsa, sotish imkoniyati borligini aytishdi. Qayta-qayta: «Muxbir aka, «O‘zagroeksport» narxni tushira oladimi? Surishtiring, bo‘lmasa barchasi uvol bo‘ladi», deya zorlanishdi eksportchilar...
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov
Ahrorbek Yoqubjonov olgan tasvirlar
Mavzuga oid
15:20
O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlar Britaniya bozoriga eksport qilinadi
09:38
O‘zbekiston va JST eksport subsidiyalarini bekor etishni muhokama qildi
12:50 / 04.11.2024
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi
09:40 / 23.10.2024