Jahon | 02:16 / 16.05.2018
15101
3 daqiqa o‘qiladi

Putin yangi hukumat tuzilmasi haqidagi farmonni imzoladi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin yangi hukumatning tuzilmasi haqidagi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda Kreml matbuot xizmati.

Hujjat loyihasini prezidentga bosh vazir Dmitriy Medvedev Sochidagi uchrashuv chog‘ida taqdim etgan edi.

Vazirlar Mahkamasi rahbari jiddiy o‘zgarishlar nazarda tutilmayotganini ta'kidlab, amaldagi tuzilma o‘zining layoqatli ekanligini isbotlab bo‘lganini aytib o‘tdi.

Lekin baribir ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi:

  • Ta'lim va fan vazirligi ikkita alohida vazirlikka bo‘linadi: Maorif vazirligi va Fan va oliy ta'lim vazirligiga. Birinchisi maktablar va o‘rta maxsus ta'lim bilan shug‘ullansa, ikkinchisi ilmiy muassasalarga oid masalalar va umuman, mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, ilmiy tashkilotlar federal agentligi tugatiladi;
  • Savdo vakolatxonalari Iqtisodiy rivojlanish vazirligidan sanoat va savdo vazirligiga o‘tadi. Bu sanoat korxonalari va xorijda texnologik eksportlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga diqqatni jamlashga xizmat qiladi;
  • Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi Raqamli rivojlanish vazirligiga aylantiriladi. Bosh vazirning fikricha, bu prezidentning maydagi murojaatnomasi va yangi farmonida qayd etilgan raqamli kun tartibini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
  • Rossiya yoshlar ishlari bo‘yicha federal agentligi va Rossiya ta'lim va fan sohasida nazoratni yo‘lga qo‘yish xizmati Ta'lim va fan vazirligidan olinib, hukumatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysundiriladi;
  • Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri lavozimi paydo bo‘ladi;
  • Yangi vazirlar mahkamasi o‘n nafar bosh vazir o‘rinbosarlari, jumladan, hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosaridan iborat bo‘ladi.

Juma kuni Medvedev Sochiga yo‘l oladi va prezident bilan bo‘lajak vazirlar nomzodlarini maslahatlashadi.

«Nomlar e'lon qilinadi, uchrashuv u qadar uzoq davom etmasa kerak, lekin katta hajmdagi material bo‘ladi», — dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiyaning avvalgi vazirlar mahkamasi 7 may kuni Putinning prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng iste'foga ketgan edi. Ertasi kuni Davlat dumasi Medvedevni bosh vazir lavozimiga tasdiqlagan edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid