O‘zbekiston | 01:57 / 16.05.2018
56035
3 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: O‘zbekistonga yangi parlament kerak

Foto: Atlantic Council

Vashingtonda AQSh-O‘zbekiston rahbarlari uchrashuvi oldidan kechgan davra suhbatlaridan birida Oliy Majlis a'zosi, Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev islohotlarga urg‘u berib, mamlakatga yangi parlament kerak, dedi.

Safoyev «Amerika Ovozi» dan tushgan savolga javob berayotgan edi. O‘zbekistonda qabul qilingan islohotlar dasturiga ko‘ra, parlament butun tizim ustidan demokratik nazorat o‘rnatishi kerak. Hukumat organlari qonun ijodkorlar, ya'ni xalq saylagan vakillari oldida hisobot berib turishi, savolga tutilishi lozim.

Mana shu maqsadga erishish qanday qadamlar talab etadi va Oliy Majlis bu borada qanday harakat qilmoqda?

“Avvalo, tan olish kerak, bugun parlamentimiz oldingi yillarga qaraganda ancha boshqacha ishlaydi. Bugun vazirlar, ularning o‘rinbosari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, davlat idoralarining rahbarlari qonunchilar oldida hisobot bera boshlagan, qizg‘in savol-javoblar bo‘lyapti. Murakkab mavzular yuzasidan savollarga javob talab qilinadi, masalan qiynoqlar, majburiy mehnat... Jarayon o‘zgargan. Bugun parlamentimiz ijroiya organi ustidan nazorat o‘rnata boshlagan”, deydi Safoyev.

Uningcha, ikki vazifa hammaga ayon. Birinchidan, bunday nazorat mahalliy tizimlar tomonidan ham o‘rnatilishi kerak, ya'ni ijroiya organlari turli qatlamlarda vakillar oldida javob berishni o‘rganishi lozim. Viloyat va tuman hokimlari, har qanday tizimning rahbari kengashlarga hisobot berishi kerak.

“Ikkinchidan, balki bu ayrim qonunchilarimizga yoqmas, lekin bizga yangi parlament kerak. Kelasi saylovlar natijasida bunga erishamiz degan fikrdaman. Yangi avlod kirib keladi, xususan huquqshunos va iqtisod bo‘yicha mutaxassislar. Ular hozirgi qonunchilarga qaraganda iqtidorliroq, siyosiy va intellektual jihatdan o‘tkirroq odamlar bo‘ladi. Parlament yangilanishi, yangicha ishlay boshlashi uchun bu nihoyatda muhim. Saylovlar kelasi yil va umid qilamanki, o‘shanda o‘zgarishlar bo‘ladi va Oliy Majlis yangilanadi“.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov deydiki, hukumat o‘zgarishlar haqida maqtanmoqchi emas, aksincha bu jarayon naqadar murakkab va sinovlarga boy ekanini tushunib, masalalarni keng muhokama qilib, yechimlar va yangi yo‘llar qidirmoqda.

Mavzuga oid