Jamiyat | 20:55 / 17.05.2018
36399
8 daqiqa o‘qiladi

Bozordagi do‘konlar tunda buzib tashlandi. Oltiariqliklar haqiqat izlaydi

Oltiariqda tadbirkorlar do‘koni ogohlantirishsiz buzib tashlandi. 

«Kun.uz» tahririyati aholi murojaatlarini o‘rganishda davom etadi. Sayt pochtasiga Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi bir guruh tadbirkorlarning bozor ichi va yonidagi do‘konlari ogohlantirishsiz buzib tashlangani haqidagi murojaati kelib tushdi. 

Ijodiy guruh murojaatni o‘rganish maqsadida Oltiariq tumaniga otlandi.

Darhaqiqat, Oltiariq dehqon bozoriga borganimizda do‘konlar buzib tashlangan, tartib yo‘q, ahvol abgor edi. Dastavval bozor aylandik. Tadbirkorlardan bozor buzilishi haqida so‘radik. Ular shu yilning yanvar oyida ro‘y bergan katta mojaroni eslashdi. Shundan so‘ng murojaat yo‘llagan tadbirkorlar bilan ham uchrashdik. Ular bo‘lib o‘tgan ishlarni batafsil bayon qilishdi.

Bizga taqdim etilgan ushbu videotasvirlardan bozordagi do‘konlar yarim tunda hech qanday ogohlantirishsiz do‘kon ichidagi mollar bilan birgalikda buzilganini ko‘rish mumkin. 

Holbuki, Oltiariq dehqon bozori  yaqindagina qayta rekonstruksiya qilingan, tadbirkorlar mazkur qurilishga katta mablag‘lar sarflagan...

Ma'lum bo‘lishicha, tumanning sobiq hokimi Bo‘tayev 2016 yili hokimiyatda mablag‘ yo‘qligini vaj qilib, bozordagi tadbirkorlarni o‘z hisobidan do‘konlarni yangidan qurishga ko‘ndirgan va do‘konlarga 50 yilgacha hech kim tegmasligini kafolatlagan. Tadbirkorlarni ishontirish uchun bir qator tashkilotlar muhri bosilgan loyiha hujjatlari ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, tadbirkorlarning har biri 70-100 million so‘m atrofida mablag‘ sarflab, bir yil davomida qurilish ishlari olib borishgan. 

Lekin ular 2017 yil kuzida qurilish ishlarini tugallab, savdo qilishga kirishmoqchi bo‘lganlarida, hokimiyat vakillari do‘konlar uchun kadastr hujjatlari qilib berishmagan.

2018 yilning yanvarida, 23 yanvarga o‘tar kechasi yarim tunda buldozer bilan do‘konlarni buzishga kirishishgan, do‘kondorlarning iltimoslari inobatga olinmagan, ularga tovon puli to‘lanmagan.

Murojaatchilarning iddao qilishicha, hokimiyatdagilar do‘konlarning buzilishini bu do‘konlarning o‘rni bo‘shatilishi, bu yer ochiq turishi kerakligini bilan izohlashgan. Ularga boshqa joy berish va'da qilingan.

Lekin endilikda bo‘shagan joylar boshqa tadbirkorga yangi gipermarket qurish uchun berilgan, jabrlanuvchilar uchun esa bozor hududidan tashqaridan joy berishmoqchi.

Jami bo‘lib 56 do‘kon buzilgan.

«Har bir do‘konda 4 nafardan kishi ishlagan, ularning har biri bir oilaning boquvchisi edi. Bu qurilishdan ko‘p odam qaqshadi», deydi jabrlanuvchilardan biri.

«Besh oydan beri bizga joy berilmadi. Hokimga kirsak, yangi qurilayotgan joyning birinchi qavatidan sizlarga joy beriladi degandi. Qurilish qilayotganlardan so‘rab bilsak, bizga bu joyni berishmoqchi emaskan. Unda qayerdan berishadi, bozor ortidagi qabristondanmi? U yerga kim boradi? Biz qanday yashaymiz endi?

Bizga yordam beringlar. Bizda umid qolmadi. Faqat «Kun.uz»ga umid qilib turgandik. Lekin yaqinda Rishtonga «Kun.uz» kelib ketganidan keyin u yerda buzish ishlari yanayam jadallashib ketibdi, deb eshitdik. Endi shu ishonch ham qolmadi», deya yozg‘iradi do‘kondor.

«Bu yerda haqiqat yo‘q», deya yig‘lamoqdan beri bo‘lib zorlanadi onaxon.

«Bir kechada buzvordi do‘konimni. Sakkiz farzandim Rossiyada yuribdi. O‘g‘illarim, qizlarim. Bitta narsadan xavotirdaman, o‘lib qolsam, kim iyagimni bog‘larkin», deya anduh bilan gapiradi otaxon.

Tadbirkorlar murojaatini tingladik. Endi masalaning huquqiy jihati haqida. Bugungi kunda Respublikamiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «2017-2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan bozorlar qayta rekonstruksiya qilinmoqda. 

Tadbirkorlarning mazkur qarorga hech qanday e'tirozi yo‘q. Biroq qaror qanday ijro etilmoqda? Qarorning 16-bandiga e'tiboringizni qaratamiz: «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta'minlasinlar».

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 4-bandiga ko‘ra, tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan inshootlarni buzish to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay imzo qo‘ydirib, inshootlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Yana shuni aytish kerakki, do‘koni buzilish bilan bog‘liq mojaro Oltiariq dehqon bozorida birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Bir guruh oltiariqlik tadbirkorlar 2011 yildan beri do‘konlar buzilishidagi adolatsizliklardan kuyinib murojaat qilgan. Ya'ni, 2011 yili bir kun ichida buzib tashlangan do‘kon egalarining muammosi hamon o‘z yechimini topmagan. O‘rtada qancha-qancha sudlar, tortishuvlar va nihoyat odil sudning tadbirkorlar foydasiga qaror chiqargan. Endi tadbirkorlarga do‘kon qurish uchun yer ajratiladi. Do‘konlar qaytadan  quriladi. Biroq tadbirkorning zararini hech kim eslamaydi. Ayni vaqtda Majburiy ijro byurosi sud qarori ijrosini nega paysalga solib kelgani mavhum.

Bugun esa tadbirkorlarning do‘konlari yana buzib tashlanmoqda. Muammo ketidan yana muammo. 

Mazkur muammo yuzasidan Oltiariq tuman hokimligiga yo‘l oldik.  

Biz u yerda hokim yordamchisi bilan uchrashdik. Mazkur muammo yuzasidan tuman hokimi bilan uchrashtirishni so‘radik. Ammo hokim avvaliga chekka hududlarda ish bilan band ekanini, keyin esa viloyat markaziga, viloyat hokimi majlisiga ketganini aytishdi. Tuman hokimi o‘rinbosarlari bilan ham uchrashishning imkoni bo‘lmadi. Shundan so‘ng tuman arxitektori va bozor rahbari bilan suhbatlashdik.

Guvohi bo‘lganingizdek, hali Oltiariq dehqon bozorining yangi loyihasi tasdiqlanmagan. Mas'ullar so‘ralgan hujjatlarni taqdim eta olishmadi. 5 oydan beri xaroba bo‘lib yotgan bozor esa mojarolar markazi bo‘lib qolmoqda.

Oltiariqda tadbirkorlarning xonavayron bo‘lganidan viloyat hokimining xabari bo‘lsa kerak?! Har holda G‘aniyev sinchkov hokim. Hududda nima sodir bo‘lsa, albatta u xabar topadi. Nima bo‘lganda ham ayrim savollarning javobi mavhum. Prezident qarori Farg‘onada teskari talqin qilinadimi, qonunlar oyoq osti bo‘ladimi? Xalq, tadbirkorga zug‘um qilish bilan jamiyatda nafrat uyg‘otishning oqibatlarini hokim to‘ralar yaxshi bilsalar kerak?!  Unday bo‘lsa, maqsad nima? Yoki Prezident qarorlari ijrosi mutasaddilarning manfaatlariga xizmat qilyaptimi?

Xullas, savollarimizga tez orada javoblar topiladi, deb ishonamiz. Ungacha esa oltiariqlik tadbirkorlar haq-huquqlari oyoq osti bo‘lganicha qolaveradi...

Kun.uz jurnalistlari Xurshid Daliyev va Elmurod Ermatov

Mavzuga oid