O‘zbekiston | 21:00 / 17.05.2018
15363
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlar yangi bosqichga chiqqaniga ishonch bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston prezidentining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan qabul marosimi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

«Bugungi oqshomda Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva mezbonlik qilayotgan qabul marosimida ishtirok etayotganlarga o‘z salomlarimni yo‘llayman.

Amerika xalqi nomidan Prezident Mirziyoyevga uning Oq uyga amalga oshirgan tarixiy tashrifi uchun minnatdorlik bildiraman. Markaziy Osiyoda murakkab masalalar va hamkorlik bo‘yicha yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotgan bir paytda muloqotimiz strategik sherikligimizni yangilashga yordam berdi. Men Amerikaning mintaqadagi ta'minot yo‘llarini qo‘llab-quvvatlash uchun Prezident Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar va Afg‘oniston bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni sarmoyalashga bo‘lgan safarbarligi uchun u rahbarlik qilayotgan mamlakatga hurmatimni izhor qilaman. 

Prezident Mirziyoyev meni ishontirib ta'kidladiki, O‘zbekistonda katta maqsadlarni ko‘zlovchi islohotlar dasturi bardavom va muqarrardir. Men aminmanki, Prezidentning inson huquqlarini himoya qilishga qaratayotgan e'tibori uning xalqi hayotini yanada ulkan farovonlik va barqarorlikka yetaklaydi. Birgalikda biz O‘zbekistonda hisobdorlik va shaffoflik masalalarini yanada yaxshilay olamiz. Bu esa Amerika kompaniyalarining faoliyati uchun zamin hozirlab, mamlakatlarimizdagi bandlikni oshirishga yordam beradi. 

Melaniya va men Prezident Mirziyoyev va Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaga Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan unutilmas tashriflari uchun chin dildan minnatdorchilik bildiramiz. Bilaman, bu yangilangan hamkorligimiz va bizning ikki mamlakat oldidagi yanada yorqin kelajakning boshlanishi xolos», deyilgan prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan murojaat matnida.

Shavkat Mirziyoyev prezidenti Donald Tramp taklifiga ko‘ra 15-17 may kunlari AQShga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirmoqda.

Ushbu tashrif doirasida 4,8 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi.

Mavzuga oid