Jamiyat | 01:24 / 18.05.2018
84402
4 daqiqa o‘qiladi

Peshonasiga ikki qo‘yilgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari - Voqeaning yangi tafsilotlari paydo bo‘ldi

Foto: Facebook

​Toshkent viloyati Bekobod shahri 5-maktab sobiq o‘qituvchisi Muborak Hamdamova 1 «J» sinf  o‘quvchilaridan 4 nafarining peshonasiga uy vazifasini bajarmagani uchun 2 bahoni qo‘ygani haqida xabar berilgandi. 

Jurnalist Lobar Po‘latovaning aniqlashicha, o‘quvchilarning peshonasiga ikki baho qo‘yilganidan xabar topgan ushbu maktabda ishlab kelayotgan o‘qituvchi Saodat Rahmonova o‘quvchilarning peshonasiga qaytadan 2 bahoni qo‘yib, ularni suratga tushirgan. Keyin nimalar yuz bergani barchamizga ayon. Aslida voqea ikki o‘qituvchining o‘rtasidagi o‘zaro nizodan boshlangani jamoatchilik nazaridan qolmoqda.

«Saodat opa bizni bitta joyga yig‘ib, peshonamizga yana ikki qo‘ydi. Keyin militsiya turibdi, 1 yilga qamalib ketasan, deb bizni suratga tushirdi. Keyin, salfetka berib, peshonani artib olishni aytdi», deydi jabrdiyda o‘quvchilardan biri. 

Maktab psixologi Saodat Omonova ham o‘quvchining ko‘rsatmasini tasdiqlab, shunday deydi: 

«O‘quvchilarning peshonasiga ikki qo‘yilgani rost. Lekin oradan 3 kun o‘tib, bu ishdan xabar topgan boshqa o‘qituvchi o‘quvchilarning peshonasiga yana «ikki»ni qo‘ygan. So‘ngra, [ikkini] o‘chirib, o‘quvchilarni aldab lavashga olib borgan». 

Ayni paytda 1473 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabda bor-yo‘g‘i 2 nafar oliy toifali, jami 81 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ulardan 55 nafari oliy ma'lumotga ega. 

Respublikadagi umumta'lim maktablarda nosog‘lom muhitning shu tarzda paydo bo‘lishiga, avvalo, ayrim o‘qituvchilarning bir maqsad yo‘lida jipslashib, yakdil harakat qilish o‘rniga, o‘zaro adovat va bir-birining kamchiligini qidirish bilan bandligi sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, maktab xodimlarini o‘tgan yillar davomida muntazam ko‘cha tozalash, obodonlashtirish va majburiy mehnatga jalb etib kelingani ahvolni yanada qiyinlashtiradi. 

«Pedagoglarni jamoat ishlariga jalb etib kelingani qaysidir ma'noda o‘zining faoliyatida bo‘shliq paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi», deydi Toshkent viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov. 

Bundan tashqari, o‘qituvchini bo‘lar-bo‘lmas qog‘ozbozlikka ko‘mib qo‘yildi, deb iddao qilinadi. Aslida uni qog‘ozbozlikka yetaklagan omil - maosh masalasi. Ishonchimiz komilki, o‘qituvchilarning mehnatiga yarasha haq to‘lanib, o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berilsa, bundan faqat jamiyat foyda topadi. 

Aybdorlarga keladigan bo‘lsak, ular o‘z jazosini olgani haqida xabar berildi, ammo qalbida oppoq niyat bilan birinchi sinfga qadam qo‘ygan, aqlga zakovat qolib, peshonasiga qayta-qayta «ikki» tamg‘alangan bolalarning ruhiy kechinmalari kimni qiziqtirdi? Ta'lim sohasi yangi islohotlar va bardavom o‘zgarishlarga muhtojmi? 

Fikr va mulohazangizni info@kun.uz pochta manziliga yoki Kun.uz aloqa bo‘limi orqali qoldiring.

Mavzuga oid