O‘zbekiston | 14:29 / 18.05.2018
6744
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida daraxtlar himoyasi kuchaytiriladi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimligining “Toshkent shahrida daraxtlar himoyasini kuchaytirish, noqonuniy kesilishi holatlarini oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni himoya qilish tizimini tashkillashtirish haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan belgilanishicha, Toshkent shahar arxitektura bosh boshqarmasi Toshkent shahrida yer ajratish bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda, ajratilishi belgilanayotgan hududlarda joylashgan ko‘p yillik o‘simliklar va daraxtlarni aniq soni, ularning tana yo‘g‘onligi, turi haqidagi ma'lumotlarni xulosalarda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yadi.

Shuningdek, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimida “Daraxtlar va ko‘p yillik o‘simliklarni himoya qilish boshqarmasi” tashkil etilishi nazarda tutilgan. 

Toshkent shahrida joylashgan daraxtlarni butash ishlarini yagona tartibga keltirish va bu ishlarni bajarishda agrotexnika qoidalariga rioya etilishi uchun “O‘simliklarni himoya qilish instituti” va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Ko‘p yillik o‘simliklarga agrotexnik ishlov berish qoidalari”ni ishlab chiqilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va Bioinformatika markazi, “O‘simliklarni himoya qilish instituti” va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Daraxtlar va ko‘p yillik o‘simliklarni zararkurandalarga qarshi kimyoviy ishlov berish qoidalari” loyihasi ham ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

2018 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagilar tatbiq etilishi rejalashtirilgan:

Toshkent shahrida daraxt kesish, ularni butalash ishlarini bajarish Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hududiy inspeksiyasi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida faqat Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi boshqarmalar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi;

Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi boshqarmalar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan daraxtlar joylashgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini va mahalla profilaktika inspektorlarini daraxt kesish uchun berilgan ruxsatnomalar, ularni butash (shakl berish) ishlari haqida xabardor qilinishi;

Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hududiy inspeksiyasi tomonidan daraxt kesish uchun berilayotgan ruxsatnomalarni Toshkent shahrining rasmiy saytiga joylashtirish va kesilishi belgilangan daraxtlar haqida internet tarmog‘i orqali e'lon berib borish tizimi joriy etilishi;

yer maydoni ajratilgan hududda qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun daraxt kesishga ruxsatnoma berishda qo‘shimcha ravishda “har bir daraxtga qo‘shimcha 10 tup daraxt ekish” konsepsiyasi asosida shahar hududida ekishga ruxsat berilgan manzarali daraxtlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi;

Obodonlashtirish bosh boshqarmasi Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan birgalikda “har bir daraxtga qo‘shimcha 10 tup daraxt ekish” konsepsiyasi asosida shahar hududida ekishga ruxsat berilgan manzarali daraxtlarni o‘tkazish va agrotexnik ishlov berish xizmati hamda yuridik va jismoniy shaxslarga daraxtlarni kesish va butash xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi va to‘lov miqdorlari;

Muhokama jarayoni 2018 yil 30 may kuni o‘z yakuniga yetadi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid