Jamiyat | 11:50 / 19.05.2018
37781
4 daqiqa o‘qiladi

Ramazonda qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi araz va adovat unutilishi lozim

KUN.UZ tahririyati tomonidan Ramazon oyida berib borilayotgan “Islom nuri” turkumiga oid ko‘rsatuvlarning bugungi suhbati “Ramazonda silai rahm” mavzusi haqida. Suhbatdoshimiz Kamoliddin Orif al-Buxoriy jome masjidi diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li bo‘ldi.

YouTube'da ko‘rish

Tas-IX'da ko‘rish

- Ramazon oyi poklanish, g‘uborlarni ketgazish oyi. Xalqning xizmatida bo‘lamiz, iftorliklarda qatnashamiz. Bu tadbirda qatnashadigan yuzlab jamoat bor. Yetti yot begonalar kelishadi, dasturxonda o‘tirishadi, ammo nazar solib turgan bo‘lsam, o‘sha tadbirlarda mezbonning tug‘ishgan akasi yoki opasi yoki jigarlaridan birorta odamni ko‘rmaymiz. Men so‘nggi paytlarda bu holatni ko‘p kuzatyapman. Nega degan savolga javob beradigan bo‘lsak, bularning o‘rtasida ixtilof o‘tib qolganligining, araz borligining, gina-adovatda ekanliklarining sababidandir. Bu – achinarli holat.

Shuning uchun Ramazon oyida savobga ega bo‘laylik, ro‘zadorlarning og‘zini ochtiraylik va ulkan yaxshiliklarga qo‘l uraylik, deb savob umidida dasturxon yozamiz, lekin o‘zimizning yaqin jigarlarimiz o‘sha iftorliklarda ko‘rinmaydi. Silai rahmning so‘nggi vaqtlarda uzilib qolayotganligi, jigarlarning o‘rtasida “qiyomat diydor” bo‘lib ketayotgan aka-uka va opa-singillarning borligi bu – haqiqat. 

Kamoliddin Orif al-Buxoriy jome masjidi diniy xodimi
Qobil qori Odiljon o‘g‘li

Silai rahm so‘zining lug‘atdagi ma'nosi, “sila” – bog‘lanish bo‘lsa, “rahm” bu qorin ma'nosini anglatadi. Umumiy bir ta'rif aytadigan bo‘lsak, qarindoshlik tufayli bir-biriga ulanganlar, bir-biriga bog‘langanlar ma'nosini anglatadi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) huzurlariga bir a'robiy tuyasida keldi va tuyasining yuganidan ushlagan holda savol berdi: “Ey Allohning Rasuli, menga bir yo‘l ko‘rsatsangiz, u meni jannatga yaqinlashtirsin va do‘zaxdan uzoqlashtirsin”. Payg‘ambarimiz unga: “Allohga shirk keltirmagin, ungagina ibodat qilgin. Namozni o‘z vaqtida chiroyli ado et. Qodir bo‘lsang zakot ber. Ota-onangga, qarindosh-urug‘laringga silai rahm qilgin. Ular bilan munosabatni yo‘lga qo‘ygin”, deb javob berdilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday degan ekanlar: “Qarindoshlaring ko‘ksingdan itarishsa, qo‘pol muomala qilishsa ham silai rahmni davom ettirgin. Ularga halim bo‘lgin. Ularning ziddiga Allohning o‘zi kifoya qiladi. Farishtalar atrofingni o‘rab turishadi. Qarindosh-urug‘lar munosabati senga qanchalik yomon bo‘lsa ham, lekin sen yaxshilikda davom etgin”.

Shu holatdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon oyida umid bilan ro‘za tutyapmiz, saharligimiz bormi, iftorligimiz bormi, xatmu Qur'onlarda soatlab tik oyoqlarda turibmizmi va mana shu ibodatlarimiz Alloh huzurida qabul bo‘lsin, desak bir-birimizning o‘rtasizdagi adovatlarni unutaylik, dedi Qobil qori Odiljon o‘g‘li.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid