Sport | 10:47 / 21.05.2018
20952
3 daqiqa o‘qiladi

YeChLga qaytish. Hal qiluvchi o‘yinda barchasi 3 daqiqa ichida o‘zgardi

Italiya A Seriyasining oxirgi turida Rimda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblar «Latsio» va «Inter» o‘rtasida muhim uchrashuv o‘tkazildi. 37-turda «Latsio» «Krotone»ni mag‘lub etib, barchasini hal qilishi mumkin edi, ammo bu o‘yindagi qoqilish (1:1) qimmatga tushadigan bo‘ldi. Oxirgi tur arafasida rimliklarda 72, milanliklarda 69 ochko bor edi - Luchano Spalletti jamoasini faqat g‘alaba qoniqtirardi.

O‘yinda hisob «Latsio» tomonidan ochildi – to‘p Perishich orqali darvozaga borib tushdi. Birinchi bo‘lim davomida D’Ambrozio hisobni tenglashtirdi, ammo 41-daqiqada «Latsio» Felipe Andersonning goli evaziga yana oldinga chiqib oldi. 75-daqiqada o‘yin hakami «Latsio» darvozasi tomon penalti belgiladi, ammo videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirdi.

«Inter»ga vaziyatni o‘zgartirish uchun vaqt yetmayotgandek edi, ammo tezda milanliklar yana bir penalti ishladi. Stefan de Vrey jarima maydoni ichida Mauro Ikardini yiqitdi. Eng qizig‘i, «Latsio»ning niderlandiyalik ushbu himoyachisi keyingi mavsumni «Inter»da o‘tkazadi - uning Milanga transferi masalasi hal bo‘lgan. Ikardi penaltini aniq ijro etib, o‘zining chempionatdagi 29-golini nishonladi. U va «Latsio» hujumchisi Chiro Immobile bir xilda natija ko‘rsatib, A seriyaning eng yaxshi to‘purarlariga aylanishdi.

Penaltidan bir daqiqa o‘tib «Latsio» o‘n kishi bo‘lib qoldi - Senad Lulichga qizil kartochka ko‘rsatildi. Ikki daqiqa o‘tib esa «Latsio»ning irodasi butunlay sindi: Matias Vesino burchak to‘pidan keyin to‘pni darvozaga yo‘lladi va «Inter»ni Chempionlar ligasiga olib chiqdi.

«Balki «Latsio» Chempionlar ligasisiz qolishi – taqdirdir. Bunda kimnidir ayblash noo‘rin, De Vreyni yana maydonga tushirgan bo‘lardim, u bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi», dedi o‘yindan keyin rimliklar bosh murabbiyi Simone Indzagi.

Shu tariqa, mavsum yakunlariga ko‘ra to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan «Inter» 6 yil ichida ilk marta Chempionlar ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi. Oxirgi marta milanliklar ushbu turnirda 2011/12 yilgi mavsumda ishtirok etgan – o‘shanda Klaudio Raneri boshqaruvidagi «Inter» pley-off bosqichida «Marsel»ga yutqazgandi.

Mavzuga oid