Sport | 21:40 / 26.05.2018
11648
6 daqiqa o‘qiladi

«Real» - «Liverpul»: Mersisaydliklarning ustunligi nimada?

Foto: Liverpul matbuot xizmati

Bugun, 26 may, shanba kuni Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida Liverpulning «Liverpul» klubi Madridning «Real» klubiga qarshi Yevropa Chempionlar ligasi finalida maydonga tushadi. Mersisaydliklar bu o‘yinda g‘alabaga haqlimi?

Chempionlar ligasi. Final. Shanba. «Real» - «Liverpul». 23:45 (Toshkent vaqti)

«Qirollar»ga kibr yarashadi. Hatto ular qavs ichidagi qirollar bo‘lsada.

Final arafasida ispan matbuoti ikkiga ajraldi. Madriddagi nashrlar halitdan bayramni nishonlashga kirishib ketishgan. Taniqli yozuvchi va jurnalist Diyego Torres El Pais nashrida shunday yozadi: «Madridda hech kim - rahbariyat ham, futbolchilar ham qo‘rquv va xavotir his qilishmayapti. Hamma xotirjam. Florentino Peres davrida hali Bunday oson final bo‘lmagan».

El Mundo jurnalisti Xulian Ruis esa kelajakni ko‘rmoqda: «Liverpul» «Real» afsonasini qog‘ozdek g‘ijimlab tashlaydi», deya yozadi u. Madrid klubi televideniyesidagi boshlovchi Fila Kitromilidisdan ajoyib sitata: «Odamlar statistika va tarix ahamiyatga ega emas. Ahamiyatga ega! Balki, raqiblar uchun emasdir, ammo «Real» uchun aniq. Bu sovrin Yevropa qiroli maqomini beradi, jamoa esa buni yaxshi anglaydi».

«Liverpul» futbolchilari hali Chempionlar ligasida g‘olib chiqmagan. Lekin «Real» qarshisida «Las-Palmas» yoki «Granada» emas, «Liverpul»dir. Bu jamoa Chempionlar ligasining joriy mavsumida hammadan ko‘p gol urgan - 40 gol («Real»dan esa 10ta ko‘p). Bu jamoa bu mavsumda Angliyani tiz cho‘ktirgan, bir vaqtlar «Real»ni bir necha marta tiz cho‘ktirgan Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoani qisqa vaqt ichida 3 marta tiz cho‘ktirdi. Bu jamoada mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biri to‘p suradi.

Ha, «eng yaxshisi» deyish ham mumkin edi. Raqamlarga qaraylik: Saloh Premer-ligada 32 gol urgan, Krishtianu Ronaldu La Ligada 26ta.

Foto: AFP

«Liverpul» - final autsayderi. «Real» ko‘p jabhalarda ortda qoldirishi ham mumkin, ammo ular yarim finaldan keyinoq chempionlik futbolkalarini kiyib olishi haddan oshishdir. Ramos jamoasi finalga chiqqanidan keyin Kiyev so‘zi va 13 raqami bor futbolka kiyib yurdi, u bu orqali jamoasining 13-marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lishiga ishora qilgandi.

Tarixda «Liverpul»ni mensimaganlar afsuslanib qolganiga guvoh bo‘lganmiz. Buni Gattuzodan so‘rang. «Milan» himoyachisi 2005 yil Istanbu finalida tanaffus vaqtida (birinchi bo‘lim milanliklarning 3:0 hisobidagi ustunligida yakunlangandi) YeChL Kubogi oldidan o‘ta turib unga qo‘lini tekkizgandi va jamoasiga ko‘z tekkandi. O‘yin «Liverpul»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

2005 yilda «qizillar» g‘alabaga och edi. Angliya chempionatida ham, Chempionlar ligasida ham uzoq vaqtdan buyon g‘alabalar bo‘lmayotgandi. «Milan» o‘shanda eng kuchli davrlarini o‘tkazgan, «Milan» 2003 yilgi YeChLda, bir yil o‘tib Italiyada tengsiz bo‘lgandi. «Real» bilan o‘xshash holat. Ular ham o‘ziga juda ko‘p ishonishayotgandi o‘shanda.

Hozir «Real» g‘alabalarga «to‘yib qolgan», «Liverpul» xuddi 2005 yildagi kabi g‘alabalarga chanqoq. O‘shandan buyon jamoa faqat bir marta, 2006 yili Angliya Ligasi Kubogini qo‘lga kiritgan. Yurgen Klopp 2015 yil jamoga kelganida 3 yil ichida bitta sovrin olib berishni va'da qilgandi va o‘sha uchinchi mavsum hozir o‘tib bormoqda. 

Mersisaydliklar jamoasidagi ilk mavsumdayoq barchani o‘ziga qaratgan Muhammad Saloh esa bugun g‘alaba qozonishi orqali Ronaldu va Messining «Oltin to‘p»dagi gegemoniyasiga barham berishi mumkinligini his qilib turibdi.

«Liverpul» nomlar borasida «Real»dan ustun emas, ammo Klopp uchun grandlarga qarshi o‘ynash birmuncha oson - buni keyingi ikki mavsumdagi natijalar ko‘rsatib turibdi. Hatto madridliklar yirik hisobda tor-mor etilsada hayron qolmaslik kerak - jamoadagi ishtiyoqi shu darajada kuchli.

Barcha murabbiylar tilidan hamisha shunday so‘zlar yangraydi: «Biz ikki jamoa uchun ham o‘ta qiyin kechadigan o‘yin arafasidamiz, raqibni hurmat qilamiz, ularning tarkibida bir qancha kuchli futbolchilar yig‘ilgan, kim kuchliligini o‘yindan keyin bilib olamiz». Mayli, shunday bo‘laqolsin.

Mavzuga oid