O‘zbekiston | 16:11 / 28.05.2018
6814
2 daqiqa o‘qiladi

Turfirmalar yangi imtiyoz oldi

Foto: KUN.UZ

Turistlarni tashish uchun mo‘ljallangan, sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi transportdan Respublika yo‘l jamg‘armasiga 2022 yil 1 yanvargacha yig‘im undirilmaydi. Bu prezidentning 24.05.2018 yildagi PF–5447-son farmonida nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma.
 
Ilgari imtiyoz quyidagi tarzda berilar edi: yig‘im stavkasi transport vositalari sotib olish qiymatining 3%i miqdorida etib belgilangan edi (2.12.2016 yildagi PF–4861-son Farmonga qarang). Bu o‘sha payt amal qilgan umumiy stavkaga mos kelar, biroq u gipotetik oshirilganda turizm korxonalari ustunlikka ega bo‘lardilar (3% to‘lashda davom etgan bo‘lar edilar).
 
Yangi tartibga binoan turizm faoliyati sub'yektlari o‘zlari sotib olgan, mamlakatimizga olib kirilayotgan, turistlarni tashish uchun mo‘ljallangan, sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi transport vositalarini IIV organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda 1.01.2022 yilgacha Respublika yo‘l jamg‘armasiga umuman yig‘im to‘lamaydilar.  
 
Eslatib o‘tamiz, olib kirilayotgan 8 va undan ortiq kishini (haydovchi bilan birgalikda) tashishga mo‘ljallangan turizm toifasiga oid transport vositalari xuddi shu davrgacha bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etilgan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno (3.02.2018 yildagi PF–5326-son Farmonga qarang).
 
Hujjat 25.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid