O‘zbekiston | 11:55 / 29.05.2018
19247
3 daqiqa o‘qiladi

General-mayor Rustam Jo‘rayev Yunusobod tumaniga bordi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Yunusobod tumani aholisi bilan muloqot o‘tkazdi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tuman hokimligi, prokuratura, «Mahalla» va «Nuroniy» jamg‘armalari vakillari ishtirok etgan tadbir «Uvaysiy» mahalla markazida tashkil etildi.

Foto: IIBB axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev joriy yilning o‘tgan 4 oy 20 kunida Toshkent shahri va Yunusobod tumanida ro‘yxatga olingan jinoyatlar, ularning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida olib borilayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Jinoiy holatlarning oldini olishda jamoatchilikning o‘rni muhim ekanligini ta'kidlar ekan, barchani Ichki ishlar organlari bilan yaqin bo‘lishga, yakdil harakat olib borishga chaqirdi.

Shu o‘rinda, Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi tomonidan mavzuga oid tayyorlangan videolavha namoyish etildi. Unda, yaqinda Yakkasaroy tumanida fuqaroning ogohligi va o‘z vaqtida «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilganligi sabab, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldi olinganligi haqida hikoya qilinadi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘iga ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyatini kadrlar bilan ta'minlash, post-patrul xizmati bo‘linmalarining joylashtirilishi bo‘yicha va profilaktika inspektorlari ishini tashkil etish masalalariga oid savollar berildi. Jumladan, fuqarolardan biri mahalladoshlari nomidan ular yashayotgan hududida faoliyat yuritgan profilaktika inspektorini ish joyiga qaytarilishini so‘rab murojaat qildi.

Foto: IIBB axborot xizmati
Foto: IIBB axborot xizmati

Ochiq muloqot davomida fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo va masalalar o‘rtaga tashlandi. Ko‘plab masalalarning yechimi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va vazifalar berilgani aytiladi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Mavzuga oid