Jamiyat | 15:52 / 29.05.2018
25906
3 daqiqa o‘qiladi

Mehribonlik uyi ishi: guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatma berishdi 

Foto: Pixabay

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida Marg‘ilon shahridagi “Mehribonlik uyi”ning sobiq direktori K.Yakubov, bosh hisobchi A.Muydinova va hisobchi A.Saidkamolova, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, feldsher I.Yo‘ldashev, tarbiyachi X.Yakubova, R.Abdufattoyev va N.Soliyeva, enagalar D.Djurabayeva va X.To‘rayevga nisbatan jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda. 

Mavzuga oid: Marg‘ilondagi mehribonlik uyi ishi: ular o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan ayblanmoqda

O‘zA tarqatgan xabarga ko‘ra, sudya R. Arapov raisligida guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda. Bundan oldin esa direktor o‘rinbosari S. Usmonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasining 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish), feldsher I. Yo‘ldashevga nisbatan Jinoyat Kodeksining 128-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) yopiq sud majlisida ko‘rildi. Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha yigirmaga yaqin jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari eshitildi. 

Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Sudlanuvchilar K.Yakubov, S.Usmonov, I.Yo‘ldashev va R.Abdufattoyevlarga nisbatan “qamoq”, X.Yakubova, N.Soliyeva, D.Djurabayeva va X.To‘rayevlarga nisbatan “uy qamog‘i”, A.Mo‘ydinov va A.Saikamolovalarga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Kelgusida sud majlisida to‘plangan dalillar atroflicha o‘rganilib, ishning har bir holatiga va sudlanuvchilarning harakatlariga huquqiy baho berilib, sud tomonidan qonuniy, adolatli va asosli qaror qabul qilinadi.

Mavzuga oid