Jamiyat | 12:40 / 31.05.2018
25788
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i qamoqqa olindi

Toshkent viloyati prokuraturasi organlari tomonidan yer munosabatlariga oid qonunchilik ijrosining ahvoli muntazam ravishda o‘rganib kelinmoqda, deb xabar beradi prokuratura axborot xizmati.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar, joylarda yerlarni noqonuniy tarqatib yuborilishi va o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Birgina Bo‘stonliq tumanida, 2018 yilning o‘tgan davrida 93 ta holatda 450 gektar yer maydonlari noqonuniy ravishda tarqatib yuborilganligi aniqlangan.

Yoki, Toshkent tumanida 255 gektar, Zangiotada 76 va Qibray tumanida 31 gektar yer maydonlari qonunga zid ravishda tarqatilgan.

Shu kabi holatlar bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishining tergovi doirasida Bo‘stonliq tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Sh.M. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi axborot xizmati

Viloyat bo‘yicha 550 ta holatda jami 3133 gektar, shundan 2518 gektar qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan yer maydonlari noqonuniy ravishda tarqatib yuborilgan bo‘lsa, 58 ta holatda 41,5 gektar yer maydoni fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Qonunga zid ravishda egallab olinib, maishiy va boshqa binolar qurib olingan yer maydonlarini bugungi kunda viloyat prokuraturasi tomonidan davlat zaxirasiga qaytarish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid