19:39 / 31.05.2018
42580

«Men klubda qololmayman» - Zidan «Real»ni tark etish sabablarini aytdi

Foto: AP

«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan klubni tark etish sabablarini aytdi.

«Biz butunlay xayrlashmaymiz, bu haqda prezident ham aytib o‘tdi. Men butun umrim davomida «Real» bilan yonma-yon bo‘laman.

Ko‘pchilik bu qarorda ma'no ko‘rmasligi mumkin, ammo u men uchun ma'noga ega. O‘zgarishlar davri keldi. Bu qarorni hamma uchun to‘g‘ri deb o‘ylayman.

Meni qo‘llab-quvvatlagan «Real» muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Mavsum davomida eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etolmay, murakkab vaziyatlarga tushib qolgan edik. Fanatlar esa bosim uyushtirishdi va bu bizni yanada kuchliroq qildi.

Endi futbolchilarga o‘zgarishlar kerak. Ularga ham minnatdorchilik bildiraman, chunki aynan futbolchilar maydonda kurash olib borishdi.

Bu klubda talablar juda yuqori. Biz har doim katta yutuqlarni ko‘zlaymiz, ammo men o‘yinchilardan bundan ortig‘ini talab qilolmadim. Endi ular kiyinish xonasida yangi ovozni eshitishlari lozim bo‘lgan vaqt keldi.

Men klubda qololmayman, hammasi siz o‘ylaganchalik oson emas. Agar qolsam, jamoaning g‘alaba qozonishi qiyin bo‘lardi.

Futbolchilar qarorimdan xabardor. Ularning har biri bilan alohida gaplashmadim, ammo hammasiga xabar yubordim.

Serxio Ramos va boshqa yetakchilar bilan gaplashdim. Birgalikda ko‘p narsalarni boshdan kechirganmiz va u qarorimni hurmat qilishini aytdi. U menga omad tiladi. U yetakchi, sardor, uch yil davomida u bilan zavqlanib ishladim.

Ayni paytda, qaysidir bir klubda ish boshlamoqchi emasman va hech qanday variant izlamayapman», – dedi Zidan.

Eslatib o‘tamiz, «Real» Zidan bilan Ispaniya chempionati, Superkubogi, uch marta Chempionlar Ligasi, 2 marta UYeFA Superkubogi va 2 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan.

Mavzuga oid
Top