Jamiyat | 18:16 / 01.06.2018
21689
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda kuzatuv kameralari 6 soat ichida 2678ta qoidabuzarlikni qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 avgustdagi qarori bilan «Xavfsiz shahar» majmuasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. “Xavfsiz shahar” dasturi bo‘yicha joriy yilning 1 iyunidan boshlab Andijon shahridagi 7 ta chorrahada kuzatuv kameralari ishga tushirildi, deyiladi Andijon viloyati IIB matbuot xizmati tomonidan taqdim qilingan ma'lumotda.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish hamda yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida Andijon shahrining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga jami 98ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Shundan 53tasi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun bo‘lsa, yana 45tasi  videokuzatuvni  amalga oshirish uchun ishga tushirildi. Mazkur kameralar orqali qayd etilayotgan holatlar Andijon viloyati IIB navbatchilik qismida tashkil etilgan boshqaruv tizimiga foto va videotasvir hamda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan onlayn ravishda shisha tolali kabel orqali yetkazib berilmoqda.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, yo‘l chizig‘i talablariga rioya etmaslik, qarama-qarshi harakatlanish, to‘xtatish va to‘xtab turish qoidalarini buzish qodabuzarliklari aniqlanadi. U doimiy ravishda xodimlar tomonidan nazorat qilib boriladi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi mutasaddi rahbarlarga  mazkur tizimning ish faoliyati, uning imkoniyatlari atroflicha tushuntirib o‘tildi.

Viloyat rahbari tomonidan start tugmasi bosilib, soat 9:00dan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etish tizimi ishga tushdi.

15:00ga qadar o‘tgan 6 soat mobaynida jami transportlar soni 178937tani, jami qoidabuzarliklar 2678tani tashkil qildi. Shundan svetoforning qizil chirog‘iga 1729ta,  yo‘l chizig‘i talablariga rioya etmaslik bo‘yicha 935ta, to‘xtatish va to‘xtab turish qoidalarini buzish bo‘yicha 12ta, qarama-qarshi harakatlanish bo‘yicha 2ta qoidabuzarlik qayd etildi.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Shuni eslatib o‘tish joizki, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik kiritilgan. Harakat ishtirokchilari shuni unutmasliklari kerak-ki, qonunlar kimnidur jazolash uchun emas, balki yo‘llarimizda xavfsizlikni ta'minlash maqsadida qabul qilinadi. 

Mavzuga oid