Jamiyat | 02:23 / 01.06.2018
6578
2 daqiqa o‘qiladi

Turistik yig‘im tartibi soddalashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 maydagi 398-sonli qarori bilan xorij fuqarolari va O‘zbekiston hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslardan turistik (mehmonxona) yig‘imlarini undirish tartibini soddalashtirish va aniqlik kiritishga doir o‘zgartish kiritildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan kiritilgan o‘zgartishlar quyidagilarni ko‘zda tutadi:

Endi joylashtirish vositalari va davolash muassasalari (16 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashqari) tomonidan O‘zbekiston hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi. To‘liq bo‘lmagan yashash kuni uchun turistik yig‘im to‘liq yashalgan kun miqdorida undiriladi.

Shuningdek palatkali lagerlar va tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transportida yashashni tashkil qilgan turizm faoliyati (turizm operatorlari) sub'yektlari tomonidan yashovchilardan ham undiriladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonga 30 kungacha keladigan xorij fuqarolarini qabul qilib, ularga notijorat maqsadlarda yashash maydoni taqdim etgan jismoniy shaxslar tomonidan ham turistik yig‘imlar to‘lanadi.

Mustaqil sayohat qiladigan, palatkali lagerlar va tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transportida yashaydigan xorij fuqarolari turistik yig‘imni mustaqil to‘lashadi.

Bunga qadar turistik yig‘imlar xorijiy fuqarolarning joylashuv vositasida yashagan har kuni uchun undirilar edi, ya'ni chet el fuqarolarining mustaqil sayohati ko‘zda tutilmagandi. 

Mazkur o‘zgarishlar turistik (mehmonxona) yig‘im tizimini tartibga keltirish bilan birga mamlakat bo‘ylab mustaqil harakatlanuvchi xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratadi va salohiyatli turistlarni jalb qiladi.

Mavzuga oid