O‘zbekiston | 09:38 / 02.06.2018
3012
6 daqiqa o‘qiladi

Adliya bo‘limlari tomonidan inson huquqlari himoyasi masalasi chuqur o‘rganilmoqda

Foto: Getty Images

“Inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e'lon qilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab...”

Mamlakatimiz bosh qonunining muqaddimasi aynan shu jumlalar bilan boshlangani O‘zbekistonda inson huquqlariga to‘liq rioya etilishi, ular davlat tomonidan muhofaza etilishi va ta'minlanishini butun dunyoga e'lon qildi.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining joriy yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Adliya vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Mazkur islohot vazirlikning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyatida ham tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Endilikda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni Adliya vazirligi, hududiy adliya organlari bilan birga yangidan tashkil etilayotgan tuman (shahar) adliya bo‘limlari ham amalga oshiradi. Farmon bilan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tuman (shahar) adliya bo‘limlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Shuningdek, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Bunday chora sifatida tegishli tashkilotlarga inson huquqlari buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritish, aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritish, fuqaroning manfaatini ko‘zlab sudlarga arizalar va da'volar taqdim etishni kiritish mumkin.

Tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, Surxondaryo viloyatidagi tuman (shahar) adliya bo‘limlariga inson huquqlari himoyasi masalasida jami 32ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 21tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 11ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Jumladan, fuqarolar X. Choriyev, N. Xolmuratov, P. Suyundikov, X. Normurodova Termiz shahar adliya bo‘limiga murojaat etib, pensiyaga chiqish uchun ish haqi hujjatlarining o‘ziga tegishli ekanligi faktini sud tartibida belgilab berishda amaliy yordam berishni so‘ragan. Ushbu fuqarolarning manfaatlarida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudiga kiritilgan da'vo arizalari to‘liq qanoatlantirilgan.

Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘ida yashovchi Ulug‘bek Ro‘zimov Urganch tuman adliya bo‘limiga “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lib, ishga qayta tiklanishida yordam berishni so‘rab murojaat etgan. U. Ro‘zimovning manfaatida “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ kiritilgan taqdimnoma qanoatlantirilib, U. Ro‘zimov o‘z ishiga qayta tiklangan.

Inson huquqlarini himoya qilish faqatgina taqdimnoma yoki da'vo arizalari kiritish bilan hal etiladigan masala emas. Bunga, avvalo, fuqarolarning yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardorligini oshirish, ularning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish orqali ham erishiladi. Tumanlar adliya bo‘limlarining bu boradagi ishlari samarali bo‘layotganligi tashkilotlar va fuqarolar tomonidan ham e'tirof etilmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyati Zomin tumani adliya bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tumandagi 31-maktab rahbariyati tomonidan ham yuksak baholangan. Tumanda adliya bo‘limi ochilib, bo‘lim xodimlari pedagog xodimlarga qonunlarni, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganishda yaqindan yordam berayotganligidan minnatdor ekanligi mazkur ta'lim muassasasi jamoasi tomonidan e'tirof etilgan.

Ushbu tumandagi “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘iniga qonunlar, prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlarining o‘rganilishi va ijro etilishida adliya bo‘limining ko‘rsatgan amaliy yordami mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan tuzilgan ma'lumotnomada ham o‘z aksini topdi. “Zomin tuman adliya bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berilib, ularning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish va targ‘ib qilishda bo‘lim xodimlari bilan muntazam hamkorlik olib borilmoqda”, – deb qayd etiladi ma'lumotnomada.

Bu kabi misollarni boshqa tuman (shahar) adliya bo‘limlari faoliyatidan ham yetarlicha keltirish mumkin. Bularning barchasi endigina tashkil etilgan tuman (shahar) adliya bo‘limlari ishga katta kuch bilan kirishganligini, fuqarolarning huquq va erkinliklari yanada ishonchli himoya qilinishini, bu borada adliya bo‘limlari fuqarolarning eng yaqin himoyachisiga aylanishini ko‘rsatib turibdi.

Eslatib o‘tamiz: Tuman adliya bo‘limlari faoliyati haqida yoki inson huquqlari masalasida murojaatlaringiz bo‘lsa, 1008 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki [email protected] elektron pochtasiga xabar jo‘natishingiz mumkin.

“Adolat” nashriyoti bosh muharriri  A.Omonov
Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi mas'ul xodimi Z.Mustafaqulov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid