Jamiyat | 02:30 / 05.06.2018
30458
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi “Bo‘rijar” jome masjidi ta'mirdan chiqarildi (video)

Bir yerni obod qilish katta savob ish. Allohning uyi – masjidlarni obod etish esa undan-da ulkan savob amaldir. Go‘zal, charog‘on va ko‘rkam masjidlar mo‘min-musulmonlar qalbida faxr tuyg‘usini yanada oshiradi. Alloh o‘z kalomi Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar”. (Tavba surasi, 18-oyat).

Bugun O‘zbekistonning turli hududlarida bunyodkorlik va obodonchilik ishlari olib borilmoqda. Bu ta'rifni masjidlar qurilishi va qayta ta'mirlanishiga nisbatan ham ishlatsa bo‘ladi. Xususan, poytaxtda joylashgan “Bo‘rijar” jome masjidida olib borilgan ana shunday xayrli ishlar bugun bu maskanning yanada fayzli bo‘lishiga turtki bo‘ldi.

Ta'mirdan chiqarilgan masjidning ichki qismi did bilan bezatilgan, devordagi ranglar uyg‘unligiga e'tibor qaratilgan. Gumbaz osti naqshlari inson bolasi qo‘l mehnatining oliy namunasi o‘laroq o‘zgacha tarovat taratib turibdi. Masjid namozgohi keng va yorug‘. U yerda maxsus tashkil etilgan javonda diniy-ma'rifiy kitoblar namozxonlar foydalanishi uchun qator taxlab qo‘yilgan. Xullas bu yer Yaratganga ibodat qilish uchun barcha sharoitlar mujassam Allohning uyiga aylangan.

Bunyodkorlik ishi mo‘min-musulmonlarga xos odat. Chunki bunyodkorlik ortidan o‘sha yurtda obodlik keladi, baraka va fayz yog‘iladi. Barakali va fayzli jamiyatdan esa yomonlik hamda baxtsizlik ko‘tariladi: odamlar tinch-xotirjam, qalblardagi iymon yanada mustahkam bo‘ladi.

Mavzuga oid