Jahon | 11:11 / 10.06.2018
8403
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kim Chen In bilan sammitdan oldin alohida uchrashuv o‘tkazmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Singapurdagi sammitdan oldin KXDR rahbari Kim Chen In bilan alohida yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbasiga tayangan holda xabar tarqatgan.

«Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan 12 iyun kuni boshlanadigan sammitdan oldin alohida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan», — deyiladi agentlik xabarida.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, uchrashuv xonasida ikki siyosatchi va tarjimonlardan boshqa hech kim bo‘lmaydi, delegatsiya vakillari xonaga kiritilmaydi. Keyin muzokaralarga davlatlar rahbarlarining eng ishonchli vakillari — AQSh tomonidan Davlat kotibi Maykl Pompeo va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Jon Bolton, KXDR tomonidan Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Jon qo‘shiladi.

AQSh—KXDR sammiti 12 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00da boshlanadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, muzokaralarda AQSh va Shimoliy Koreya diplomatik munosabatlari o‘rnatish, Pxenyanda Amerika elchixonasini ochish masalalari ham muhokama etiladi.

Bundan avvalroq AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Tramp Kim Chen In bilan muzokaralarga «butun hayoti davomida tayyorlangani» haqida gapirgandi.

Mavzuga oid