Jahon | 07:43 / 11.06.2018
8490
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning muhim hujjatlarni yirtib tashlash odati borligi ma'lum qilindi 

Foto: REUTERS / Jonathan Ernst

AQSh prezidenti Donald Trampning ayni damda boshqa ishlashga to‘g‘ri kelmaydigan istalgan hujjat yoki qog‘ozni yirtib tashlash odati borligi sababli yirtilgan qog‘ozlarni avvalgi holatidek yopishtirib chiquvchi maxsus yordamchilari bo‘lgan. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda. 

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Oq uy har qanday hujjat, hisobot, maktub va boshqa qog‘ozlarni saqlab, ularni milliy arxivga jo‘natishi lozim.

Biroq Trampni bu odatidan qaytarib bo‘lmagandan keyin Oq uyda yirtilgan qog‘ozlarni bir-biriga yopishtiruvchi yordamchi paydo bo‘lgan. Rasman bu lavozim yiliga 66 ming dollarlik maosh bilan “hisobotlarni boshqarish bo‘yicha tahlilchi” deb atalgan.

Bu lavozimni egallagan va davlat xizmatida 30 yil ishlagan Solomon Lertining nashrga so‘zlab berishicha, u faoliyati davomida avval bunday holatga hech ham duch kelmagan. “Bizga bir uyum yirtilgan qog‘ozlarni olib kelishardi, biz bu qog‘ozlar orasidan tegishli parchalarni topib, ularni skotch bilan birlashtirib chiqishimiz kerak edi. Gohida bu qog‘ozlar qoq o‘rtasidan yirtilgan bo‘lgan, biroq aksariyat hollarda ular konfetti kabi maydalab tashlangan bo‘lardi. Bu mozaika yig‘ishga o‘xshash edi”, deb so‘zlab bergan Lerti. Uning ta'kidlashicha, u bu ishni bir o‘zi qilmagan, bu ish bilan butun boshli bo‘lim shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yil bahorida Lertini o‘z lavozimidan hech qanday tushuntirishlarsiz bo‘shatib yuborishgan, Tramp ma'muriyati bu vaziyat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid