O‘zbekiston | 11:43 / 12.06.2018
55804
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Farg‘onadagi agrofirma faoliyati bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Quva tumanidagi «Farg‘ona anorchilik» mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma faoliyati bilan tanishdi.

«Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi bozor talabi va dehqon daromadi yuzasidan diversifikatsiya qilinmoqda. Yaqinda barpo etilgan «Farg‘ona anorchilik» korxonasi ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

300 gektardan ortiqni maydonni egallagan ushbu agrofirma anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan. Ayni paytda 289 gektar yerga 15 navga yaqin 272 ming tupdan ziyod anor ko‘chatlari ekilgan. Besh yuzga yaqin kishining bandligi ta'minlangan. 2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzor to‘liq hosilga kirgach 10 ming tonna mahsulot yetishtiriladi.

Davlat rahbari ushbu anorzorni kirib ko‘rdi.

«Tepa Xudodan, past bandadan. Yerga mehr berib ishlasa, aql bilan ekib, parvarishlasa, albatta o‘z natijasini beradi. Hamma sohada mahsulotni qayerga sotishni, mehnat va xarajatga nisbatan ko‘proq daromad olishni o‘ylash zarur. Buning uchun avvalo ilm kerak. Bozor talabini o‘rganadigan, zamonaviy bilimlarni tatbiq etadigan, mahsulotning hosildorligi va sifatini ta'minlaydigan kim - kadrlar. Shuning uchun anorchilik bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlashga e'tibor berish kerak», degan Shavkat Mirziyoyev.

Anorchilik bo‘yicha ilmiy markaz, Farg‘ona davlat universitetida kafedra tashkil etish, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda gen texnologiyasini rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi. 

O‘zbekiston anori bo‘yicha brend yaratish, Farg‘ona viloyatida yaqin yillarda anorzorlarni 20 ming gektarga yetkazish, ko‘chatchilikni kengaytirish, danaksiz anor navlarini o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid