Jahon | 01:45 / 14.06.2018
5295
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari Fransiyada: O‘zbekiston - YuNeSKO aloqalari mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya YuNeSKO bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga doir uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida Fransiyaga tashrifni amalga oshirmoqda. KUN.UZ muxbiri hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon merosi markazi direktori Mextild Ryossler hamda ICOMOS (International Council on Monuments and Sites -Qadimgi yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) maslahatlashuv va monitoring boshqarmasi rahbari Regina Dyurigello bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ularda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar shuningdek qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashishdi. YuNeSKO Mamlakat dasturini ishlab chiqish shular jumlasidandir. 

Indoneziyaning Parijdagi elchisi Xotmangaradja Pandjaitan bilan uchrashuv
Tanzaniya elchisi Samvel-Viliam Shelukindo bilan uchrashuv
Jahon merosi markazi direktori Mextild Ryossler va ICOMOS maslahatlashuv va
monitoring boshqarmasi rahbari Regina Dyurigello bilan uchrashuv

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov Parijdagi Indoneziya elchisi Xotmangaradja Pandjaitan, Tanzaniya elchisi Samvel-Viliam Shelukindo va Tunis elchisi Gazi Jyerairiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi.  

Jahon merosi markazi direktori Mextild Ryossler va ICOMOS maslahatlashuv va
monitoring boshqarmasi rahbari Regina Dyurigello bilan uchrashuv

Xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar davomida mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va bebaho me'morchilik obidalarini saqlab qolish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi. Shu o‘rinda 2018 yilning 9 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasining YuNeSKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingani qayd etildi. Mazkur hujjat bilan ro‘yxatga kiritilgan hududlar muhofazasini takomillashtirish va YuNeSKO qoshidagi Jahon merosi qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirishga doir "Yo‘l xaritasi" tasdiqlangan. 

Tunisning YuNeSKOdagi elchisi Gazi Jyerairiy bilan uchrashuv

Ishtirokchilar shuningdek Respublika idoralararo ishchi guruhining Jahon merosi ro‘yxatidan joy olgan hududlar muhofazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish faoliyatidan xabardor qilindi. 

Bundan tashqari, YuNeSKO qoshida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy mamlakatlar elchilari va bu tashkilot rahbariyati bilan qator uchrashuvlar rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi davom etmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid