Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Elektron tijorat orqali dori vositalari qanday realizatsiya qilinadi?
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida «Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish tartibi tasdiqlanishi mumkin.
Belgilanishicha:
elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan dori vositalari va tibbiy buyumlar farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan maxsus ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari orqali yetkazib beriladi;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berishda ularni sifati va bezararligini ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2016 yil 27 oktabrdagi 365-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar maxsus ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.
Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish tartibiga ko‘ra, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar dori vositalarini va tibbiy buyumlarni farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlarga, tibbiyot tashkilotlariga, shuningdek dori vositalaridan va tibbiy buyumlardan tibbiyotda qo‘llash maqsadida o‘z ehtiyojlari uchun foydalanuvchi tashkilotlarga elektron tijorat orqali realizatsiya qilishi mumkin.
Dorixonalar tomonidan elektron tijorat orqali faqat retseptsiz beriladigan dori vositalari, tibbiy buyumlar, biologik faol qo‘shimchalar hamda kosmetika va shaxsiy gigiyena vositalarini chakana realizatsiyasini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanish uchun farmatsevtik litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlar dori vositalari va tibbiy buyumlarni faqatgina litsenziyaga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchi va/yoki boshqa ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardan elektron tijorat orqali sotib olishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni xarid qilish va tarqatishda hamda tibbiy buyumlarni turini o‘lchash yoki metrologik attestatsiya o‘tkazish, uni O‘zbekiston Respublikasidagi yagona o‘lchov birligi tizimi Davlat reyestiriga kiritishni ta'minlaydi.
Elektron tijorat axborot tizimida ofertani (taklifni) joylashtirish va ofertaga aktsept olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Elektron tijorat ishtirokchisi (sotuvchi, xaridor) va axborot vositachisi elektron tijorat sub'yektlari hisoblanadilar.
Elektron tijorat sub'yektlari tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq huquqni amalga oshiradilar va ega bo‘ladilar, majburiyatlarni bajaradilar.
Elektron tijorat ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat maqsadida ishlab turgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish (taklif etish);
elektron tijoratdagi shartnomalarni tuzish yo‘li bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki olish;
elektron hujjatlar va elektron xabarlarni axborot vositachilariga saqlash uchun topshirish.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi:
elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda raqobat to‘g‘risidagi va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
qonun hujjatlariga muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini ta'minlashi;
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e'tiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirgan taqdirda esa tegishli litsenziyani olgan paytdan e'tiboran elektron tijoratni amalga oshirish huquqiga ega.
Elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolati doirasida shartnoma asosida elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish;
elektron tijorat ishtirokchilariga ko‘rsatiladigan xizmatlar shartlarini belgilash.
Axborot vositachisi:
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi;
o‘zining to‘liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, ko‘rsatiladigan xizmatlar, ularni ko‘rsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini o‘zgartirmasligi (bundan elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir ma'lumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari bilan ta'minlashi;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga yubormasligi (bundan qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno) shart.
Elektron tijorat ishtirokchilarining axborot vositachisi orqali yuborilayotgan elektron hujjatlari va elektron xabarlari mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy oqibatlar uchun axborot vositachisi javobgar bo‘lmaydi.
Axborot vositachisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
Elektron tijorat ishtirokchilari, elektron hujjatlar va elektron xabarlarni ayirboshlash uchun tegishli axborot tizimlarini boshqarishni aniq tashkil etishni ta'minlab shartnoma asosida axborot vositachisi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Sotuvchi va axborot vositachisi elektron tijorat sub'yektlarining o‘zaro hamkorligini ta'minlaydigan elektron savdo maydonchasi orqali elektron tijorat shaklida dori vositalar va tibbiy buyumlarni realizatsiya huquqiga egadir.
Elektron savdo maydonchalari Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi resurslar, Milliy axborot-izlash tizimida ko‘rsatiladigan dasturiy mahsulotlar va mobil ilovalar bo‘lishi mumkin.
Elektron savdo maydonchasi elektron tijoratni amalga oshirish uchun zarur funksiyalarni, shu jumladan:
ushbu Tartibda nazarda tutilgan xolda ofertani joylashtirish, aktseptni amalga oshirish va shartnomalar tuzish;
elektron tijorat sub'yektlariga ushbu Tartibga muvofiq nazarda tutilgan axborotdan foydalanish;
ushbu Tartib talablariga muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarni xavfsiz ayirboshlashni ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron hujjatlar va elektron xabarlarni belgilangan tartibda saqlash imkoniyatini o‘z ichiga olishi kerak.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotib oluvchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotib olishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda sotuvchini xabardor qilib o‘zi bilan tuzilgan shartnomani bajarishni rad etish huquqiga egadir.
Saqlash zonalari yaxshi saqlash sharoitlarini ta'minlay oladigan darajada loyihalashtirilgan yoki moslashtirilgan bo‘lishi kerak. Jumladan, ular toza, quruq bo‘lishi va ularda kerakli harorat rejimi ushlab turilishi kerak. Agar mahsulot yorliqlarida maxsus saqlash sharoitlari (masalan, harorat yoki nisbiy namlik) ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularni ta'minlash, vaqti-vaqti bilan tekshirish, nazorat qilish va qayd qilish lozim. Materiallar va dori vositalari polda saqlanishi mumkin emas, tozalash va inspeksiyani ta'minlash uchun ular zarur bo‘lgan uzoqlikda joylashtirilishi kerak. Tagliklarni yaroqli va toza holda yaxshi saqlash lozim.
Mahsulotlarni saqlash zonalari toza, axlat yig‘ilmaydigan va zararkunandalardan (hayvon va hasharotlardan) xoli bo‘lishi kerak. Yozma ravishda sanitariya bo‘yicha tozalash oralig‘i, xona va saqlash zonalarini tozalash uchun qo‘llaniladigan usullar ko‘rsatilgan dastur tuzilishi lozim. Bundan tashqari yozma ravishda zararkunandalarga (hayvon va hashoratlarga) qarshi kurashish dasturi tuzilishi kerak. Zararkunandalarga qarshi kurashishda qo‘llaniladigan vositalar bezarar bo‘lishi, material va dori vositalarini u bilan kontaminatsiyalanishini oldini olishi zarur. Har qanday to‘kilish va sochilishda biron-bir kontaminatsiya xavfini to‘liq oldini olishni ta'minlash uchun tozalash bo‘yicha tegishli jarayonlar (protsedura) ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
Material va mahsulotlarni qabul qilish va jo‘natish joylari ob-havo sharoiti ta'siridan himoyalangan bo‘lishi lozim. Qabul qilish zonalari shunday loyihalashtirilgan va jihozlangan bo‘lishi kerakki, zarur bo‘lganda olingan material va dori vositalari o‘ramlari (konteynerlari)ni saqlashga jo‘natgunga qadar tozalash imkoni bo‘lsin.
Agar karantin statusi alohida zonalarda ta'minlanayotgan bo‘lsa, mazkur zonalar aniq belgilangan va ularga kirish faqat mas'ul xodimga ruxsat etilgan bo‘lishi lozim. Jismoniy karantin o‘rniga qo‘llaniladagin har qanday tizim aynan bir xil himoyani ta'minlashi lozim. Masalan, kirish huquqini cheklanishiga ishonch hosil qilish uchun validatsiyalangan holdagina kompyuterlashtirilgan tizimlar qo‘llanilishi mumkin.
Dori vositalarni va tibbiy buyumlarni yetkazib berishda ularni butunligi buzilmasligi va saqlash sharoitiga rioya qilinishi lozim.
Sovuq zanjirda quruq muzni ishlatilishiga alohida e'tibor berish lozim. Xavfsizlik choralariga rioya qilishdan tashqari, mahsulot sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi (masalan, muzlashga olib kelishi) mumkinligi sababli, materiallar va dori vositalarini quruq muz bilan kontaktda bo‘lmasligi sharoitini ta'minlanishi lozim.
Mavzuga oid
11:35 / 10.06.2026
Qariyb 900 mln so‘mlik sifatsiz va hujjatsiz dorilar aniqlandi
08:15 / 04.06.2026
2030-yillarda yangi tish o‘stiruvchi dori bozorga chiqishi mumkin
17:11 / 19.05.2026
Andijonda qo‘lbola tarzda dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi
21:30 / 24.04.2026