“Toshkent” xalqaro aeroportida yangi terminal ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan poytaxt aeroporti infratuzilmasining ishlash samaradorligi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishni oshirish hamda servis xizmatini oshirish maqsadida 2017 yilda “Toshkent” aeroportining Mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzali eski binosini xalqaro aviaqatnovlar uchib kelish zaliga rekonstruksiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
MAK axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qaror asosida Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportida maydoni 9802,36 m2 ga teng mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzali eski binosida ta'mirlash ishlari boshlandi.
Soatiga 1200 nafar yo‘lovchigacha xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi binoning ishga tushirilishi xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshiradi va mamlakatga kirishdagi zaruriy tekshiruv jarayonidan o‘tishni tezlashtiradi.
Hozirda yangi muhandislik-texnologik uskunalar bilan jihozlangan ushbu terminalda “qizil” va “yashil” yo‘laklar, 4ta yuk lentasi, 24ta pasport nazorati punkti, viza ta'minoti punkti, ikkita valyuta ayirboshlash shahobchasi, ikkita Duty Free magazini va ikkita kafe-bar mavjud. Pasport nazoratidan o‘tish vaqti avval 15-20 daqiqani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu jarayon 7-10 daqiqada amalga oshiriladi. Shunday qilib, kelayotgan mehmonlar hamda O‘zbekiston fuqarolari aeroportdagi barcha rasmiyatchilikni 20-30 daqiqa mobaynida o‘tab bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, dastlab 4,798,76 m2 teng maydonga ega bo‘lgan mahalliy aviayo‘nalishlar terminalining eski binosi 1997 yilda qurilgan. Soatiga 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan mazkur bino mahalliy yo‘nalishlarda parvoz qiluvchi yo‘lovchilarining uchib ketish/kelishi uchun mo‘ljallangan edi. 2012 yilda Toshkent-3 yangi terminalini ishga tushirilgandan so‘ng, ushbu bino ekspluatatsiyadan chiqarildi.
Bugungi kunda I.Karimov nomidagi “Toshkent” aeroportida 4 ta yo‘lovchi terminali, 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi, turli rusumdagi samolyotlar uchun 101ta turargoh mavjud. Poytaxt aeroportidan 10ta mahalliy va 40 dan ortiq xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlar amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024