Jahon | 15:41 / 15.06.2018
10735
2 daqiqa o‘qiladi

«Tramp injiqliklari». NATOning siyosiy jihatdan buzilib bo‘lgani aytildi

Foto: RIA Novosti

NATOning Bryusseldagi keyingi sammiti arafasida Shimoliy Atlantika alyansi paradoks bilan to‘qnash keldi: NATO harbiy nuqtai nazardan yaxshi holatda, biroq siyosiy jihatdan - alyans buzilgan. Bu haqda Britaniyaning The Times gazetasi sharhlovchisi Edvard Lukas yozmoqda.

Lukas ta'kidlashicha, NATOning Sharqiy Yevropadagi missiyasi - bu Rossiya harbiy tajovuzkorligini tiyib turish. Biroq, harbiy alyansda Boltiqbo‘yi davlatlarida bunday tiyib turish uchun kuchlar yetarli emas, deya ko‘rsatadi muallif. Xususan, bu hududdagi harbiy kontingent 25 mamlakatdan bo‘lgan atigi bir necha ming kishini tashkil etadi, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda flot qo‘llab-quvvatlovi yo‘q.

Shu bilan birga, Rossiyadan tashvishda bo‘lgan, NATOga kirmaydigan Finlyandiya va Shvetsiya mudofaaga xarajatlarni oshirmoqda, o‘zining tayyorgarlik darajasini ko‘tarmoqda hamda AQSh bilan qalin aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Lukasning yozishicha, g‘arbiy alyansdagi kayfiyat ancha asabiydir, ammo bunga Rossiya prezidenti Vladimir Putin emas, balki AQSh yetakchisi Donald Tramp sababchi.

Tramp yil oxiriga qadar KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan muvaffaqiyatli uchrashuv tajribasini Putin bo‘yicha ham takrorlashga umid qilmoqda, deya qo‘shimcha qilgan The Times sharhlovchisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning «injiqliklari» NATO buzilishiga va Kremlga signalga olib kelishi mumkin. Rossiya esa, Qo‘shma Shtatlar o‘z do‘stlari uchun urushish niyatida emasligiga ishonch hosil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov NATOning Afg‘onistondagi harakatlari tashvishga sabab bo‘layotganini aytgandi

Mavzuga oid