Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 13 apreldagi PF-5415-son farmoniga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqiy tadqiqotlar markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilgan.
Belgilanishicha, Tadqiqot instituti:
yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, qonuniylikni mustahkamlash, jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy ongni oshirishga qaratilgan tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida respublikaning yetakchi davlat ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi hisoblanadi;
yuridik shaxs hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisobraqamlarga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining boshqaruv xodimlari cheklangan umumiy soni 25 kishidan iborat bo‘lgan tuzilmasi tasdiqlandi.
Belgilanishicha:
Tadqiqot institutiga adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;
Tadqiqot instituti xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining markaziy apparati xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;
Tadqiqot instituti xodimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda darajali unvonlar beriladi, darajali unvonlar va uzoq yillik xizmati uchun ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi;
Tadqiqot instituti xodimlariga avvalgi ish joyida uzok yillik xizmati uchun berilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlar, maxsus va darajali unvonlar saqlab qolinadi.
Tadqiqot instituti:
Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudining statistika axboroti;
xorijiy matbuot sharhlari va prezident huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar markazining tahliliy axborotlari, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy tarzda yuboriladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi.
Tadqiqot institutiga Toshkent shahar, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 69-uy manzilida joylashgan bino operativ boshqaruv huquqi asosida berildi.
Mavzuga oid
09:17 / 11.06.2026
Professordan tarbiyachigacha: pedagogik lavozimlar ro‘yxati belgilandi
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
11:51 / 22.05.2026
IIV, Adliya va Tog‘-kon vazirligi - davlat boshqaruvidagi eng ilg‘or idoralar
15:51 / 12.05.2026