Jamiyat | 18:31 / 18.06.2018
34995
11 daqiqa o‘qiladi

“Onajon, men maktabdan qarzdor bo‘lib qoldim...”

Erta tongdan ishga otlangan ona bugun negadir qizining maktabga shoshilmayotganidan xavotirlanib qoldi. Sekingina uning yoniga borib:

— Qizim, darsingga kechikayapsan, nega tayyorgarlik ko‘rmayapsan yoki tobing yo‘qmi?  

— Oyi, tobim-ku joyida, lekin har kuni sinfdoshlarim oldida izza bo‘laverish jonimga tegdi. Uyalganimdan maktabga borgim yo‘q.

— Nima gap o‘zi? Biror o‘quv quroling yo‘qmi?

— Yo‘g‘-e, hamma narsam yetarli-yu, ammo maktabdan "qarz"larim ko‘payib ketibdi. Sinf rahbarimiz har gal o‘quvchilar orasida "qarzing­ni to‘lab qo‘y, ikki oydan beri pul bermaysan yoki kam ta'minlangan oilada yashaysanmi? Jami qarzing 60 ming so‘m bo‘libdi, noinsof!", degan dag‘dag‘alari odamni maktabdan bezdirib yubordi. Aslida, biz o‘quvchilar har oy sinf fondi uchun 5 ming, "Oxrana" va sinfimizga biriktirilgan hududni obodonlashtirish hamda sinfxonalarning "uborka"si uchun 5 ming so‘mdan pul berishimiz kerak. Men ikki oydan buyon "qarz" ekanman. Kamiga, yana 40 ming so‘mdan "remont" uchun pul berishimiz kerak ekan.

Bu gaplarni eshitgan ona qizining maktabdan qarzdor bo‘lib qolganligi uchun uyalib, lom-mim deyaolmay qoldi. "Qo‘l sinsa, yeng ichida, bosh yorilsa, do‘ppi tagida", deganlaridek, onaning ko‘nglidan nimalar kechayotgani yolg‘iz Xudoga ayon. Nachora, kimdandir qarz olib bo‘lsa-da, ikki farzandining maktabdagi "qarz"ini to‘lashi kerak.

Bunday gap-so‘zlarni ko‘cha-ko‘yda ko‘p eshitamiz. Xo‘sh, aslida ham, maktablarda o‘quvchilar yuqoridagidek "xizmat"lar uchun pul to‘lashi majburiymi? 

Mazkur mavzuda maqola tayyorlash va real holatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan Samarqand shahridagi 63-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga yo‘l oldik. Ushbu ta'lim maskani ham boshqa maktablar singari  har xil masalalarda pul yig‘ish "operatsiya"sidan mustasno emas ekan. Ya'ni, ta'mirlash ishlari uchun boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan 30 ming so‘m, yuqori sinf o‘quvchilaridan esa 40 ming so‘mdan mablag‘ yig‘ilar ekan. Maktab hovlisiga kiraverishda sezdikki, har bir o‘quvchidan oyiga 5 ming so‘mdan yig‘ishtirib olingan bo‘lsa-da, na "Oxrana" bor, na hudud obod.

Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Gretta Gevorkyan hamda Nigora Ne'matovalarning aytishicha, maktabda 1 ming 724 nafar o‘quvchiga 88 nafar o‘qituvchi-pedagog ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ekan. Maktab direktoridan ta'lim maskanidagi "pul yig‘ishlar" haqidagi holatga izoh berishini so‘radik.

— Xabaringiz bor, o‘tgan yil dekabr oyidan boshlab xalq ta'limi tizimida markazlashgan buxgalteriya tizimi joriy etildi va bu, o‘z navbatida, xarajatlar smetasi yil boshida belgilanib, byudjyet tashkiloti maktablarni ta'mirlash uchun mablag‘ ajratib bera olmayapti, – deydi 63-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Surayyo Kuchkarova. — Vaziyatdan kelib chiqib, ota-onalar bilan kelishgan holda, komissiya tuzilib, maktabda tahsil olayotgan 1 ming 724 nafar o‘quvchidan 185 nafari SOS bolalar uyi tarbiyalanuvchilari hamda 103 nafari shahar hokimligi ro‘yxatida turgan kam ta'minlangan o‘quvchilar ekanligi hisobga olinib, qolgan o‘quvchilardan "remont" uchun birovidan 15 ming, birovidan 20 ming so‘mdan pul mablag‘lari  yig‘ilmoqda. Siz aytganingizdek, 40 ming so‘m qat'iy belgilab qo‘yilgani yo‘q.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy ta'lim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi 961-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, xalq ta'limi muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta'mirlash ishlari bo‘yicha hamda o‘quvchilarning bilimi va ta'lim sifatiga ta'sir qiladigan omillarni aniqlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish va tegishli chora-tadbirlar belgilash lozimligi ko‘rsatilgan. Shunday ekan, ushbu yig‘ilayotgan mablag‘lar xoh ota-onalar o‘rtasida tuzilgan komissiya vakillari, xoh o‘qituvchilar tomonidan yig‘ilsin, baribir, o‘quvchi o‘rtada vositachi bo‘lib qolaveradi. Bu esa o‘quvchining maktabga va ta'lim olishga bo‘lgan qiziqishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi, deb kim kafolat beradi? Yoki 63-umumiy o‘rta ta'lim maktabi rahbariyati tomonidan Konstitutsiyamizning 41-moddasiga o‘zgartish kiritildimikan?

— Ota-onalar sinf xonalarini ta'mirlash uchun yig‘ilgan mablag‘lar evaziga bajarilgan ta'mirlash ishlariga sarflangan mablag‘larning hisob-kitobi to‘g‘risidagi ro‘yxatni bizga taqdim qiladi, – deydi maktab direktori.

Xo‘sh, haqiqatan ham, o‘qituvchilar pul yig‘ish ishlariga aralashmayotgan bo‘lsa, barcha ishlarni ota-onalarning o‘zlari hal qilayotgan ekan, bajarilgan ta'mirlash ishlari to‘g‘risida tuzilgan ro‘yxat maktab direktoriga nega kerak? Ro‘yxat unda bo‘lsa, nega uni bizga taqdim qila olmadi? Nega sinf rahbarlari o‘quvchilarga "qarzingni" to‘la, bo‘lmasa otangga ayt, menga qo‘ng‘iroq qilsin, deb po‘pisa qiladi? Nega o‘qituvchi o‘quvchini pul bermaganligi uchun tengdoshlari orasida izza qiladi? Axir, o‘quvchi tovon to‘lash evaziga bilim olishga majbur emas-ku.

— Biz pulni o‘z qo‘limiz bilan yig‘ib olmayapmiz, ota-onalar orasidan saylangan "komitet" yig‘ib, ta'mirlash ishlariga bosh-qosh bo‘ladi, – deydi o‘qituvchilardan biri. — Sinfimda o‘qiydigan "Komitet"ning qizi pulni o‘quvchilardan yig‘ib oladi va nazorat qiladi. Pulni men qo‘limga ushlamayman. 

Ana xolos, o‘qituvchi  pulni qo‘liga ushlamas emish-u, o‘quvchi qizning o‘rtada "dallol"lik qilishiga imkoniyat yaratib berarmish... O‘rtada vositachilik qilayotgan o‘quvchi birinchidan, dars jarayoniga e'tibori susa­yib, fikr-u zikri "komitet"ning topshirig‘ini bajarish bilan band; ikkinchidan, o‘quvchi korrupsiya deb atalmish illatning ko‘chasiga kirib qolmayaptimi? uchinchidan, kelajagimiz yoshlarning qo‘lida ekan, biz kelajagimizni ko‘ra bila turib, shunday tarbiyalamoqdamizmi? 

Buni qarangki, maktab direktori Surayyo Kuchkarova barcha umumiy o‘rta ta'lim maktablari direktorlari qatori maktabda biror-bir tadbir, bayram, bosh­qa-boshqa masalalar uchun umuman pul yig‘maslik to‘g‘risida Samar­qand shahar xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i va viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i nomiga kafolat xati yozib bergan bo‘lishiga qaramasdan, hali-hamon "o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas" qabilida ish tutmoqda.

Ota-onalarni pul to‘lashga majburlash turli xil usullarda bo‘lishi mumkin. Deylik, pul to‘lanmagan taqdirda, o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi sinfdoshlarining oldida kamsitilishi, tanbeh berilishi, masalan, "sinfda hamma to‘ladi-yu, bitta sen to‘lamading" kabi. Yoki bo‘lmasa, yangi o‘quvchini maktabga qabul qilish uchun ota-onadan maktab fondiga pul to‘lashini shart qilib qo‘yadi. Umuman olganda, ota-ona maktab ma'muriyati so‘ragan mablag‘ni yoki boshqa ko‘rinishdagi yordamni bermagani uchun farzandiga qarshi qilingan har qanday bosim noqonuniy hisoblanadi.

Past Darg‘om tuman xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ham o‘quvchilardan ta'mirlash va u yoki bu masalalarda pul yig‘ish borasidagi illatlarga bar­ham berilib, natijada, tuman xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilarining nazorati ostida yig‘ilgan mablag‘lar o‘quvchilarga qaytarib berilganligi haqidagi xabarni eshitdik.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi "O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi  qarorida mutasaddi rahbarlar o‘qituvchilarni turli ko‘rinishdagi majburiy mehnatga jalb qilmaslik, aksincha, ular butun diqqat-eʼtiborini o‘quvchilarga ta'lim-tarbiya berish uchun safarbar etishlari shart ekanligi ham belgilab qo‘yilgan.

Shu kunga qadar 63-umumiy o‘rta ta'lim maktabi ma'muriyatining fikr-u xayoli faqat pul yig‘ish bilan band bo‘lgan, shekilli, ta'lim maskanining ko‘ngillarni yoritguvchi ziyoxona, nurxona, deya atalmish kutubxonasini "omborxona"ga aylantirib qo‘yishgan. Turli xil chiqindilarni va keraksiz qog‘ozlarni qo‘yishga joy topa olmaganmi deyman, ilm-ma'rifat markaziga "joylab" qo‘yishibdi. 

Yuqoridagi holatlardan Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi hamda viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi rahbariyatining xabari yo‘qmi yoki ko‘rib turib, "ko‘zini yummoqdami?"

Fikrimizcha, vaziyatni mutasaddi rahbarlar to‘g‘ri baholab, bu kabi muammolarga yechim topsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shundagina ba'zi rahbarlarning bosimi bilan murg‘ak qalb egalaridan xohlab-xohlamay "qarz"larni yig‘ishtirayotgan vijdonli o‘qituvchilar ham o‘zlarini qiynab kelayotgan ushbu mash-mashadan qutilib, ildiz otayotgan bu kabi illatlar ham barham topgan bo‘lar edi.  

 

Vahobjon AVAZOV,
Sherzod QURBONOV,
“Jamiyat va Qonun” gazetasi muxbirlari.

Mavzuga oid