O‘zbekiston | 15:47 / 18.06.2018
9380
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zagrokimyohimoya» bo‘linmalarining fermerlar oldidagi qarzi 587 mlrd so‘mgacha ko‘paydi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi «Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 149-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan nazorat ishlari yuzasidan quyidagilar ma'lum qilindi.

Moliya vazirligi tomonidan bugungi kunda davlat ehtiyojlariga paxta xom-ashyosini yetishtirishni moliyalashtirish uchun 3,6 trln. so‘m va g‘alla hosilini yetishtirishni moliyalashtirish uchun 1,2 trln. so‘m, jami 4,8 trln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit resurslarini «Agrobank» depozitiga joylashtirildi.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar taqchilligining oldini olish uchun 400 mlrd. so‘m foizsiz byudjyet ssudasi ajratildi.

Ushbu mablag‘lar hisobidan fermerlar tomonidan paxta xom-ashyosi uchun 3,2 trln. so‘m, boshoqli don uchun 1,1 trln. so‘m sarflanib, fermer xo‘jaliklarining hisob raqamlarida paxta xom-ashyosi yetishtirish uchun 383 mlrd. so‘m va boshoqli don uchun 101 mlrd. so‘m mablag‘lar mavjud.

Davlat ehtiyojlari uchun paxta va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining xarajatlarini kamaytirish, yetishtirilgan hosildan olinadigan daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha quyidagi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

1. Jamg‘armaning 150 mlrd. so‘m resurs mablag‘lari yillik 5 foiz stavka bilan «Agrobank» depozitiga joylashtirilib, davlat xaridlari hajmidan ortiqcha boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga 77 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi.

2. Agrobankka joylashtirilgan Jamg‘arma resurslari uchun foiz to‘lovi miqdorini 1 foizdan 0,5 foizgacha kamaytirish evaziga Agrobank tomonidan fermerlarga g‘alla uchun ajratilgan kreditlar foizi 22 foizdan 14 foizgacha kamaytirildi.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilayotgan bank xizmati uchun «oylik abonent» va kreditlarni rasmiylashtirishda olinadigan xizmat haqi to‘lovlari bekor qilindi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 116 mlrd.so‘m fermerlarning ixtiyorida qo‘shimcha ravishda qoladigan bo‘ldi. 

3. Fermer xo‘jaliklariga 2018 yil paxta va g‘alla hosili uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobidan ta'minotchi korxonalar tomonidan eski yillardagi qarzdorliklari uchun ushlab qolingan 147 mlrd. so‘m fermer xo‘jaliklari foydasiga to‘liq qayta tiklandi.

4. Fermer xo‘jaliklariga qulaylik yaratish maqsadida to‘lovlarni masofadan aloqa vositalari orqali onlayn tarzida ”Agrobank mobayl biznes” mobil ilovasi orqali amalga oshirish imkoniyatini beruvchi maxsus dasturi ishlab chiqilib, joriy etildi. Hozirgi kunda qariyb 20 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari banklarga kelmasdan, ushbu mobil dastur orqali to‘lovlarni amalga oshirmoqda.

Ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanishda maqsadsiz xarajatlarga hamda ta'minotchi korxonalar tomonidan oldindan to‘lab berilgan mablag‘lar uchun moddiy texnika resurslarini yetkazib berishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

1. Oldingi yillarda mablag‘lar taqchilligi sababli fermer xo‘jaliklarining kreditorlik qarzlari doimiy ravishda o‘sib borgan bo‘lsa, moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etilgandan keyin aksincha, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning fermerlar oldidagi qarzining o‘sib borishi kuzatilmoqda.

Jumladan, «O‘zagrokimyohimoya» AJ hududiy bo‘linmalarining fermerlar oldidagi qarzlari joriy yilning 1 martidagi 336 mlrd. so‘mdan, 1 may holatiga 587 mlrd. so‘mgacha ko‘paydi. Shu davrda «O‘zneftmahsulot» AJ filiallarining fermerlar oldidagi qarzlari esa 190 mlrd. so‘mga ko‘payib, 337 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

2. Shu bilan birga, «O‘zagrokimyohimoya»ning quyi filiallarida mineral o‘g‘itlarni asossiz hisobdan chiqarish va o‘zlashtirish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Misol uchun, Andijon viloyati Bo‘z tumani filialida yer ijara shartnomalari bekor qilinib, yerlari zaxiraga olingan 8 ta fermer xo‘jaliklariga 185 mln. so‘mlik 941 tonna mineral o‘g‘itlar chiqim hujjatlarini soxtalashtirish yo‘li bilan xarajatga chiqarilgan (materiallar prokuraturaga berilgan).

Xorazm viloyatida 149 ta fermerlarga 770 mln. so‘mlik mineral o‘g‘itlar hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmasdan berilgan bo‘lsa, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida oldindan to‘lovsiz berib yuborish holatlari aniqlandi.

3. Qashqadaryo viloyatida 120 ta fermer xo‘jaliklariga 253 tonna mineral o‘g‘itlarni 15 mln. so‘m qimmat narxda, Jizzax viloyatining Sh.Rashidov tumanida 29 ta fermer xo‘jaliklariga 11 tonna karbomid o‘g‘iti 1 tonnasini 1130 ming so‘m o‘rniga 1462 ming so‘mdan yoki 332 ming so‘m qimmat narxlarda sotilgan.

4. Tuman hokimlari tomonidan tasdiqlangan ekinlarni joylashtirish rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi va yer ijara shartnomasi bekor qilish davom etayotganligi sababli fermer xo‘jaliklariga shartnoma bekor qilingan kungacha boshoqli don uchun ajratilgan 54 mlrd.so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari qaytmasdan qolgan. 

Nazorat tadbirlari davomida 35 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar yangi yer egalari bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga qayta rasmiylashtirildi hamda qolgan 19 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlarni qayta rasmiylashtirish va mablag‘larni qaytarish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Mavzuga oid