O‘zbekiston | 14:54 / 20.06.2018
5593
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida yangi DUK tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida “O‘rmontexnoservis” davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida “O‘rmontexnoservis” davlat unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Quyidagilar “O‘rmontexnoservis” DKning asosiy vazifalari etib belgilandi:

o‘rmon xo‘jaligi sohasida axborot xavfsizligini ta'minlash va kommunikatsiya tarmoqlari, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish hamda ularni himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, ularni yanada takomillashtirish;

o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilg‘or tajribani, shu jumladan dronlar bilan ishlash tizimini amaliyotga tatbiq etish;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining axborot xizmatini amalga oshirish, shu jumladan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda qatnashish, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni yanada takomillashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini tizimli monitoring qilish.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning tizimidagi barcha tashkilotlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, jumladan, serverlarga, telekommunikatsiya uskunalariga, kompyuterlarga, ofis uskunalariga xizmat ko‘rsatish, dasturiy ta'minot va texnik hujjatlarni ishlab chiqish hamda axborot xavfsizligini ta'minlash yuzasidan “O‘rmontexnoservis” DK bilan, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berildi.

Mavzuga oid