O‘zbekiston | 07:30 / 23.06.2018
2353
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi qaror: OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish ishlari kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan quyidagilar OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

qon orqali yuqadigan infeksiyalarni profilaktika qilish sohasidagi davolash-profilaktika muassasalarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

epidemiologik nazoratni, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishi va shifoxona ichki infeksiyalarining profilaktikasi nazorat qilinishini kuchaytirish;

tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish funksiyalarini xususiy tuzilmalarga berish orqali davlat tibbiyot muassasalarida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish;

davolash-profilaktika muassasalarini test-tizimlar va retrovirusga qarshi preparatlar bilan uzluksiz ta'minlash, shuningdek, respublikada OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida byudjyetdan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;

OIV-infeksiyasini davolash va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash;

OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;

OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarining kasbiy bilimlari darajasini oshirish;

davlat tibbiyot muassasalarining OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish;

OITSga qarshi kurashish markazlari va OIV-infeksiyasi diagnostikasi bo‘yicha tumanlararo laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash;

xorijiy sohaviy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni yanada rivojlantirish.

OIV-infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha vazirliklar, idoralar, hokimliklar va boshqa tashkilotlarning faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini hamda ularning o‘zaro hamkorligini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini ta'minlaydi hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etadi.

Belgilanishicha, Kompleks chora-tadbirlarda ko‘rsatilgan muassasalarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlarini shakllantirishda Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

a) Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda dastlabki bosqichda sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida tajriba loyihalarini joriy etishni, keyinchalik ijobiy tajribani respublikaning barcha mintaqalariga tarqatishni nazarda tutgan holda, tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish sohasida davlat-xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

b) Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda davolash-profilaktika muassasalari, jumladan, sterilizatsiya bo‘linmalari va operatsiya bloklarining suv, gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlanganligi holatini o‘rganib chiqsin hamda rivojlanish davlat dasturlariga birinchi navbatda ularni kiritish yuzasidan har bir hudud kesimida takliflar tayyorlaydi;

v) Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududlarida OIVni yuqtirib olgan shaxslarning statsionar davolash bilan qamrab olinishini kengaytirishga hamda davolash-profilaktika muassasalarini ko‘p marta va bir marta ishlatiladigan tibbiy asboblar, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan to‘liq va o‘z vaqtida ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radi;

g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli hududda va umuman respublika bo‘yicha OIV-infeksiyasi va shifoxona ichki infeksiyalari tarqalishi profilaktikasining holatini doimiy ravishda kompleks baholashni ta'minlasin, ularning holati yomonlashishiga munosabat bildirish yuzasidan aniq tadbirlarni ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda jazoni ijro etish muassasalarida, shuningdek, ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida epidemiologik nazorat hamda OIV-infeksiyasi va shifoxona ichki infeksiyalari tarqalishi ustidan nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIVni yuqtirib olgan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, ma'naviy va tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida, ayniqsa, OIV-infeksiyasi tarqalishi masalalari bo‘yicha keng tushuntirish va tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazish, jamiyatda oila va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash ishlarini kuchaytiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid